O‘zbekiston | 14:52 / 10.12.2018
28170
5 daqiqa o‘qiladi

Propiska va pasport qoidalari bo‘yicha qonunchilikda qanday o‘zgarishlar kutilyapti?

Foto: KUN.UZ

Deputat Rasul Kusherbayev propiska va pasport qoidalari bo‘yicha qonunchilikdagi yangiliklar haqida ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, Qonunchilik palatasining 30 noyabr kungi yalpi majlisida deputatlar bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqishgan. Shu jumladan, 418-sonli Qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan ma'qullangan. 

Qonun loyihasiga ko‘ra, Ma'muriy javobgarlik kodeksining 223-modda uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:

“Pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun mas'ul bo‘lgan shaxslarning fuqarolarning pasportsiz yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarsiz yashashiga yo‘l qo‘yishi, xuddi shuningdek fuqarolarning o‘z turar joylarida pasportsiz yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarsiz, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan shaxslar yashab turishiga yo‘l qo‘yishi –

eng kam ish haqining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, -

eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxs o‘n olti yoshga to‘lishi munosabati bilan o‘z vaqtida pasport olmagani uchun ma'muriy javobgarlikka tortilmaydi”.

Endi amaldagi tahrirga e'tibor qilinsa, unda “pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun mas'ul bo‘lgan shaxslarning fuqarolarning pasportsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan pasport bilan yoxud vaqtincha yoki doimiy propiskasiz, turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashashiga yo‘l qo‘yishi, xuddi shuningdek fuqarolarning o‘z turar joylarida pasportsiz, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan shaxslar yashab turishiga yo‘l qo‘yishi - 

eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, -

eng kam ish haqining o‘n besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi”, deb belgilangan edi. 

Shuningdek, yangi loyiha bilan o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxs o‘n olti yoshga to‘lishi munosabati bilan o‘z vaqtida pasport olmagani uchun ma'muriy javobgarlikka tortilmasligi belgilab qo‘yilmoqda.

Pasport tizimi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini erkinlashtirish, Davlat dasturining 56-moddasi ijrosini ta'minlash maqsadida jarima miqdorini eng ish haqining 10 va 15 baravaridan 5 va 10 baravariga kamaytirish taklif etilgan.

Shuningdek, 418-sonli Qonun loyihasiga asosan Mehnat kodeksi 80-moddasining uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilmoqda:

“Agar ishga kirayotgan shaxsning pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjati haqiqiy bo‘lmasa, uni ishga qabul qilish rad etilishi mumkin”.

Amaldagi tahrir esa quyidagicha edi:

“Ishga kirayotgan shaxsning pasporti haqiqiy bo‘lmasa, xuddi shuningdek ishga kirayotgan shaxs vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan bo‘lsa ishga qabul qilish rad etilishi mumkin”, deb belgilangan.

Moddaning ko‘rib chiqilayotgan qismidagi o‘zgartirishlar fuqaroning propiskasi yoki yashash joyi bo‘yicha hisobda turmagani uning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini cheklash uchun asos bo‘la olmaydi. Bundan tashqari, vaqtincha yoki doimiy propiska yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turish shaxsni aniqlashga yordam bermaydi yoki mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun zarur ko‘nikmalardan dalolat bermaydi.

Yuqoridagi qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘rib chiqilib qabul qilingan va Senatga yuborilgan, deb yozadi deputat.

Mavzuga oid