Jahon | 19:44 / 11.12.2018
45912
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar Tehronni falokat kutayotganidan ogohlantirishdi

Foto: RIA Novosti

Nemis geologik tadqiqot markazi olimlari Eron poytaxti Tehronni falokat kutayotganidan ogohlantirishdi. Bu haqda Science Alert nashri xabar berdi. 

Gap shundaki, yer osti suvlari kamayib ketgani sababli Tehronning ba'zi tumanlari har yili 25 santimetrga cho‘kib bormoqda. Olimlar Tehrondagi yerning 2003 yildan 2017 yilgacha davrda cho‘kishi haqida sun'iy yo‘ldoshdan olingan ma'lumotlarni o‘rganib shunday xulosaga kelishgan. Eron poytaxtining eng barqaror hududlarida ham yerning cho‘kishi 5 smni tashkil qilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, 15 mln kishilik shaharni falokat kutayotganidan yerdagi yoriqlar, binolarga yetkazilgan shikastlar va tuproqning surilishi darak bermoqda. Tuproqning bunday cho‘kishi devorlarning va yer osti kommunikatsiya tizimlarining buzilishiga olib keladi.  

Ta'kidlanishicha, 1984 yildan 2011 yilgacha bo‘lgan davrda Tehronda yer osti suvlarining sathi 12 metrga pasayib ketgan. 

“Oxirgi o‘n yilliklarda aholining tez sur'atlar bilan o‘sishi shaharlar va sanoatning rivojlanishi bilan birgalikda Tehron tekisligida suv ta'minotiga ehtiyojni ko‘paytirgan”, deyilgan nashrda.

Mavzuga oid