Solsberilik politsiyachilar Skripallarga birinchi yordam qanday ko‘rsatilganini ma'lum qilishdi
Sergey va Yuliya Skripallarga birinchi yordam ko‘rsatgan politsiyachilar rossiyaliklar Solsberidagi savdo markazi yonida joylashgan skameykada topilgan kun haqida batafsil ma'lumot berishdi. Konstebl Aleks Kollins va politsiya serjanti Treysi Xollouey bilan intervyu juma kuni «Gardian» gazetasining saytida e'lon qilindi.
Politsiya xodimlari so‘zlariga ko‘ra, ularning navbatchiligi 4 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:00da boshlangan - politsiyaga jamoat joyida o‘zini yomon his qilayotgan keksa erkak va yosh ayol haqida xabar kelib tushishidan bir soat-u o‘n besh daqiqa avval. Xolloueyning aytishicha, bir kun avval qo‘l ostidagi xodimlar kuchli qor sababli ancha og‘ir sharoitda ishlashgan va o‘sha kuni ularga bir oz dam olishga ruxsat bergan hamda «hech narsaga aralashmasliklari»ni aytgan. Xabar kelib tushganidan so‘ng, politsiya naryadi uchastkadan voqea joyiga ikki daqiqada yetib borgan, yordamga muhtoj bo‘lgan odamlar holati ularga darhol g‘alati tuyulgan.
«Ayol yerda yon tomoni bilan yotgandi, shifokor bo‘lib chiqqan o‘tkinchi shaxs esa, o‘pkasiga havo yuborish orqali unga yordam ko‘rsatayotgandi. Menimcha, agar u bu ishni qilmaganida, ayol vafot etgan bo‘lardi», - dedi Xollouey.
Skripalning o‘zi, politsiya vakili so‘zlariga ko‘ra, odatdagidek nafas olgan, biroq skameykada haykal kabi qotib o‘tirgan hamda hech qanday reaksiya bildirmagan. Bundan tashqari, u o‘z holatini o‘zgartira olmagan, politsiyachilar keyinchalik tibbiyot xodimlariga uni zambilga yuklashda yordam bergan vaqtida ham o‘tirgan holda bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Skripallar harbiy bazada ushlab turilgani taxmin qilingandi.
Mavzuga oid
23:14 / 14.10.2024
Britaniyada «Novichok» yordamida zaharlanish ishi bo‘yicha sud eshituvi bo‘lib o‘tdi
14:33 / 22.09.2021
Skripallarning zaharlanishi. Britaniya yana bir gumonlanuvchiga ayblov e'lon qildi
08:30 / 15.06.2020
Skripallarni zaharlashda ishlatilgani aytilgan «Nukus zahri» chindan ham mavjudmi?
00:01 / 08.06.2020