O‘zbekiston | 10:45 / 17.12.2018
15081
7 daqiqa o‘qiladi

Firma ochilishi zahoti kichik biznesni tekshirishga ruxsat beradilar

Foto: Fotolia

«Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Norma tomonidan ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning bir qator hujjatlari bilan tadbirkorlik sub'yektlarida tekshirishlarni tayinlash va o‘tkazish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Ishlab chiqilgan qonunda bir qator yangi normalar taklif etilgan. 
 
Qonunning yangi nomi uning amal qilish sohasini toraytiradi
 
Hujjatning nomi o‘zgarmoqda. Hozir u quyidagicha nomlanadi: «Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida», bundan keyin esa – «Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida». Mazkur holat hujjatni qo‘llash sohasiga kiritilgan o‘zgartirishlarni aks ettiradi. Chunonchi, xo‘jalik yurituvchi sub'yekt atamasi tadbirkorlik sub'yekti tushunchasidan kengroq. Biznesdan tashqari, u davlat muassasalari, NNT, norezidentlarning doimiy muassasalari hamda vakolatxonalarini (yuridik shaxs hisoblanmaydi) qamrab oladi. Tegishincha, yangi nom hujjatning sub'yektlar bo‘yicha amal qilish sohasi qisqartirilganidan dalolat beradi.  
  
Qonun quyidagi tekshirishlarni tartibga solmaydi:

• «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonun doirasida o‘tkaziladigan;
• kommunal xizmatlar yetkazib berilishi, iste'mol qilinishi hisobi to‘liq va to‘g‘ri yuritilishi hamda hisob-kitobi o‘z vaqtida amalga oshirilishi;
• qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi, shuningdek jinoyat-protsessual qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladigan tergovga qadar tekshiruv doirasida o‘tkaziladigan;
• davlat muassasalarining faoliyati;
• nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati, ular tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan hollar bundan mustasno;
• norezidentlarning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy muassasalari hamda vakolatxonalarining faoliyati;
• tadbirkorlik sub'yektlari va/yoki ularning muassislari tashabbusiga ko‘ra o‘tkaziladigan.
 
Biznesni davlat tomonidan nazorat qiluvchi «uchta nahang»
 
Loyiha ishlab chiquvchilari tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish deganda nimani tushunish kerak ekanligini tushuntirishga va ushbu atama mohiyatini biznes uchun maqbul etib ko‘rsatishga urinib ko‘rganlar. Bu – nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan yo‘l qo‘yiladigan qonunbuzarliklarning oldini olish, fosh qilish va bartaraf etish faoliyati. U uchta shaklda: profilaktik tadbirlar, tekshirishlar va tekshiruvdan keyin tahlil o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.  
 
Hozir «Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida»gi Qonun profilaktika masalalariga daxl etmaydi. Yangi hujjatda esa huquqbuzarliklarning erta oldini olish va biznes sub'yektlarida javobgarlikka tortish xatarini kamaytirish chora-tadbirlarini ko‘rishga alohida e'tibor beriladi.
 
Fosh etilgan huquqbuzarliklar soni, qabul qilingan huquqiy ta'sir choralari, shuningdek tadbirkorlik sub'yektlarining davlat daromadiga qaratilgan mol-mulki soniga qarab nazorat qiluvchi organlar ishining samaradorligiga baho beriladi. Biznes muhitida huquqbuzarliklarning ta'sirchan profilaktikasi o‘tkazilishi, tadbirkorlarning qonunga itoatkorligi darajasi, ularning muntazam ravishda huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymasliklari, yo‘l qo‘yilgan xatolarni tekshiruv davomida tuzatish imkoniyati va nazorat tadbirlarining qonuniyligi ijobiy baho berish uchun bosh mezon bo‘ladi.  
 
Bundan tashqari, 1.09.2018 yildan boshlab bekor qilingan nazorat tartibidagi tekshirishlar o‘rniga yangi institut – tekshiruvdan keyin tahlil joriy etiladi. Bunda tekshiruvlarning yangi turi haqida so‘z bormayapti. Tahlil davomida nazorat qiluvchi organlar keyinchalik profilaktika tadbirlarini o‘tkazish uchun muntazam yo‘l qo‘yiladigan huquqbuzarliklar sabablarini umumlashtiradilar, ularning oldini olish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadilar. Bunda tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga aralashish, qandaydir axborot yoki hujjatlarni talab qilib olish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini cheklash, tekshiruvlar o‘tkazish va huquqiy ta'sir choralarini qo‘llash taqiqlanadi.
 
Tekshirishlarda auditorlar ishtirok etmaydi

Tekshirishlar o‘tkazish uchun auditorlik tashkilotlarini jalb etish imkoniyatini Qonundan chiqarib tashlash taklif etilmoqda. Hozir nazorat qiluvchi organ mablag‘lari hisobiga shartnomaviy asosda bunga ruxsat etiladi.
 
Huquqbuzarlar – «nishon ostida»
 
Biznes uchun kafolatlar bilan birga, huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida fosh etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar nazarda tutilgan.
 
Tekshirishlar davriyligi bilan bog‘liq barcha taqiqlar bartaraf etiladi. Masalan, kichik tadbirkorlik sub'yektlari va fermer xo‘jaliklarining moliya-xo‘jalik faoliyatini rejali tekshirish (taftish qilish) hozir 4 yilda 1 marchadan ortiq o‘tkazilishi mumkin emas (agar ular yangi tashkil etilgan bo‘lsa, dastlabki 3 yilda taftish o‘tkazish ham taqiqlangan). Xususiy banklar va boshqa xususiy moliya institutlari yuzasidan rejali taftishlarning boshqa davriyligi – 5 yilda 1 marcha, boshqa sub'yektlar uchun esa – 3 yilda 1 marcha etib belgilangan.
 
Loyiha qabul qilinsa, bularning bari o‘tmishda qoladi. Quyidagi sabablardan biri aniqlangan har bir holatda moliya-xo‘jalik faoliyati tekshiruvdan o‘tkaziladi:

• soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha soliq va bojxona qonun hujjatlari muntazam ravishda (moliya yili davomida 2 va undan ortiq marcha) buzilishi;
• 100 EKIHdan ortiq miqdordagi soliq qonunbuzarligining aniqlanishi;
• ustav fondida davlat ulushi 50%dan ortiq bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan soliq va bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi dalillarining aniqlanishi.
 
Ma'lumot uchun: Hozir tadbirkorlik sub'yektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishga 2 yil muddatga moratoriy amal qilmoqda, u 2020 yilda tugaydi. Biroq huquqbuzarliklar haqidagi murojaatlar yoki xatarlarni tahlil qilish natijalari bo‘yicha 1 kundan 10 kungacha tekshirishlar o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi. 
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid