O‘zbekiston | 18:40 / 17.12.2018
17878
3 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan Airways 3 millionlik dovondan o‘tdi. Yubiley yo‘lovchi taqdirlandi

Joriy yilning 17 dekabr kuni yil boshidan beri yo‘lovchilar soni bo‘yicha Uzbekistan Airways aviakompaniyasi («O‘zbekiston havo yo‘llari») qatnovlarida yangi natija qayd etildi. Aviakompaniya o‘z tarixida birinchi marcha bir yilda 3 million nafar yo‘lovchi tashishga erishdi. Bu yo‘lovchi HY334 Dubay-Toshkent qatnoviga ro‘yxatdan o‘tgan Iskandar Fozilov bo‘ldi.

Fozilovga Dubay shahri aeroportida ro‘yxatdan o‘tayotgan vaqtidayoq yubiley yo‘lovchiligi ma'lum qilinib, Boeing 787 samolyot bortida ham ekipaj a'zolari nomidan alohida tabriklar e'lon qilingan.

Aviakompaniya maxsus yo‘lovchini bir kunda tashilgan yo‘lovchilar o‘rtacha miqdorini aniqlash tizimi asosida avvaldan belgilangan. Qatnov va yo‘lovchi ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng aniqlangan. Ya'ni, Dubayda aeroportda ro‘yxatdan o‘tayotgan vaqtda uning rekord raqamli yo‘lovchiligi aniq bo‘lgan.

Ushbu yo‘lovchiga sovg‘a sifatida samolyot maketi, esdalik sertifikati va bir yil ichida foydalanilishi lozim bo‘lgan bir marchalik har qanday yo‘nalishda borish-qaytish huquqini beruvchi imkoniyat taqdim etildi. Shuningdek, uyiga olib borib qo‘yish uchun maxsus avtomobil bilan ham ta'minlandi.

Kun.uz muxbiri ushbu yo‘lovchi bilan suhbatlashdi.

«Menga yubiley yo‘lovchisiz deb aytishgandi. Lekin, bu darajada tashkillashtirilishini kutmagandim. Turizm sohasida ishlaganim uchun xizmat yuzasidan ko‘plab safarlarga chiqaman. Bu safar sayohatga chiqqandim. Boshqa aviakompaniyalarda ham uchib ko‘rganman. Menga o‘zimizning aviakompaniya ma'qul, ayniqsa, ovqat masalasida. Xizmat ko‘rsatish ham yuqori darajada. Menimcha, reyslarni yanada ko‘paytirish kerak. Yevropaga reyslarda vaqtdan ushlanib qolish hollari bo‘ladi», deydi yubiley yo‘lovchi Iskandar Fozilov.

Eslatib o‘tamiz, 2010 yilda bunday marosim 2 millionlik rekord qayd etilganda o‘tkazilgandi.

Mavzuga oid