Jahon | 21:45 / 19.12.2018
25636
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya suv osti kemasining AQShga yadroviy zarba berishi modellashtirildi

Foto: Sevmash

AQShning We Are The Mighty portali Rossiyaning “Borey” turidagi suv osti kreyserining AQShga yadroviy qurol bilan zarba berishi oqibatlarini modellashtirdi.

Nashrning ta'kidlashicha, “Bulava” raketalari bilan qurollangan “Yuriy Dolgorukiy” suv osti kemasi nazariy jihatdan AQShning o‘nlab shaharlarini yo‘q qila oladi. Undagi 16 ta “Bulava” raketasidan har biri 9 ming kmgacha masofani o‘ta oladi: suv osti kemasi Gavayidan g‘arbda bo‘la turib, Nyu-Yorkka zarba berishi mumkin.

Maqola mualliflarining fikricha, Rossiya raketalarining olisga ucha olishi asosiy ustunligi hisoblanmaydi. AQSh bilan mojaro holatida Rossiya AQShning aksariyati Gavayida joylashgan mudofaa obektlarini yo‘q qilishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lardi. Bunda hujum uchun eng yaxshi nuqta Meksika ko‘rfazi hisoblanadi: bu yerdan raketalar AQShning istalgan shtatigacha yeta oladi.

“Godzilla kabi, biroq undan vayronkorroq va qirg‘inbarotroq yirtqich Meksika ko‘rfazi ostidan ko‘tariladi”, deyilgan nashrda.

Ta'kidlanishicha, ballistik raketalardan har biri kuchi 100 kilotonnadan ko‘proq bo‘lgan 6 ta bo‘laklanuvchi jangovor blokni tashiydi. Shu tariqa, raketaning umumiy portlash kuchi 9 ming kilotonnadan ko‘proqni tashkil qiladi, 96 ta jangovar kallak AQShning o‘nlab shaharlari va harbiy obektlariga yetib borgan bo‘lardi. Mualliflarning fikricha, zarba holatida Shayyenn tog‘i ichidagi Shimoliy Amerikaning havo-koinot mudofaasi qo‘mondonligi shtabi but qolishi mumkin, biroq Pentagon, Kapitoliy, Oq uy, ANB bosh qarorgohi va boshqa ko‘plab strategik obektlar katta ehtimollik bilan yo‘q qilinadi.

“Yuz minglab odamlar halok bo‘ladi, o‘nlab yadroviy bombardimonchilar, suv osti kemalari va raketalar yo‘q qilinadi. Va buning barchasi dushmanning birgina suv osti kemasidan amalga oshiriladi”, deb ta'kidlab o‘tilgan maqolada.  

Biroq ekspertlar bunday ssenariyni “dahshatli nazariya” deb hisoblashga chaqirishgan, chunki birorta ham raqib o‘z davlatini yo‘qotmagan holda yadroviy hujumni boshlay olmagan bo‘lardi.

"Borey" va "Borey-A" loyihasidagi suv osti kreyserlari yaqin o‘n yilliklarga Rossiyaning dengizdagi strategik yadroviy kuchlarining negizi bo‘lishga chaqirilgan. 2020 yilgacha bu turdagi 8 ta suv osti kemasini qurollanishga olish rejalashtirilgan.

Kreyserning uzunligi 170 metrni, eni 13,5 metrni, suv osti suv sig‘imdorligi 24 ming tonnani tashkil qiladi. Atom suv osti kemasi “Bulava-30” qit'alararo ballistik raketasidan 16 tasini olib yura oladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid