O‘zbekiston | 20:31 / 01.01.2019
10061
3 daqiqa o‘qiladi

FVV nostandart isitish vositalaridan foydalanmaslikka chaqirmoqda, ammo...

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholini nostandart, qo‘lbola yasalgan yoxud muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan isitish vositalari, jumladan pechlardan voz kechishga chaqirmoqda. Ammo, erkin savdoda cho‘ntakbop, har qadamda topish imkoniyati mavjud, albatta, muvofiqlik sertifikati bilan standartlarga moslab ishlab chiqarilgan pechlar mavjudmi? FVV Tibbiy-biologik bo‘limi boshlig‘i Abdsami Ahmatov ushbu savolga javob berolmadi. 

«Bu savolga menda javob yo‘q», - deydi aholini nostandart pechlar xataridan ogohlantirgan mas'ul mulozim. 

Vazirlik boshqa vakiliga ko‘ra, ikki yil avval Favqulodda vaziyatlar vazirligi xaridlar tenderida isitish vositalarini ishlab chiqaruvchi mahalliy tadbirkor ham qatnashgandi. 

«Savdoda standartlarga mos keladigan, muvofiqlik sertifikati mavjud pechlar realizatsiya qilinmoqda. O‘sha tenderda Namangan viloyatida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkor qatnashgandi. U barcha hujjatlarni taqdim etgan. U ishlab chiqargan mahsulot vazirlik ehtiyoji, ya'ni zaxirasi uchun xarid qilingandi. Sertifikatga ega bo‘lgan pechlar, standart andozalariga javob beradigan vositalarni ishlab chiqaruvchi boshqa tadbirkorlar ham bor. Xaridor bozorga borganda faqat mahsulotning sertifikatini so‘rashi lozim», - deydi u. 

Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan Umida Suvonova turmush o‘rtog‘i va ikki nafar farzandi bilan qish kunida ham sovuq bo‘lgan xonadonda yashayotganini aytgan. 

 «Gaz yo‘q va bo‘lmaydi deyishdi. Bizga ko‘mir yoki o‘tin yoqish tavsiya qilindi. Kotyolga ko‘mir va o‘tin yoqib ko‘rdik. Ammo tez-tez ko‘mir yoki o‘tin qalab turilmasa, tezda o‘chib qolarkan. Natijada, yarim soatda uy sovib qolyapti. Buni o‘chirmasdan, tinmasdan yoqib, 24 soat qarab turish kerak ekan. Qo‘shnilar 300 ming so‘mga o‘tin olishdi, ammo 10 kunga ham yetmadi. Bir xonani elektr pechkada isityapmiz; tok ham tez-tez o‘chadi, natijada uy darrov sovib qoladi», - deydi u. 

Ayol, boshqa gaz va markaziy isitish tizimiga ulanmagan xonadon egalari  kabi, uyni isitish uchun mavjud muqobil yechimlardan foydalanishga o‘tgan. Ammo, bu inson salomatligi uchun xavfli, shu tufayli shaxsiy uylarda isitish pechlari va isitish tizimlarini tekshirish va nazorat qilish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzilgandi. ​

Mavzuga oid