Har gal OAVda «qichqiriqli» sarlavha bilan O‘zbekistonga yirik investitsiya yotqizilishi, tez orada katta zavod va ko‘p ish o‘rinlari yaratilishi haqida o‘qiganimda ichimdan bir o‘y o‘tadi: shu xabar o‘quvchilarimizga qiziqmi? Ularning qalbi ovozi nimalar haqida gapiryapti? Aslida xalq nimani istaydi? Ish soatlari tugab, kun qorayib qolgan bir paytda shular haqida o‘y surib, antiqa g‘oya paydo bo‘ldi. Qishloqqa yo‘l olib, barchasini ko‘zim bilan ko‘rsam, hududlarda yashayotgan kishilar bilan suhbat qilsam-chi? O‘ychi o‘ylaguncha, tavakkalchi ishini bitkazadi. O‘zimga shunday deb dalda berib, Farg‘ona viloyatining Rishton tumanini ko‘zlab, manzilga ravona bo‘ldim. 

Video:Youtube.com


Tas-IX

https://mover.uz/video/embed/59KO0P8m/

 

Rishton dehqon bozori

«Yurtga kelsang, bozorga bor»

Bejiz sharq xalqlari yurtning bozori va mozorini ziyorat qilishmagan. Bu yerda barcha yangiliklardan voqif bo‘lasiz, narx-navo, kishilarning kayfiyatiga qarab, mamlakatda olib borilayotgan siyosat haqida tushuncha hosil bo‘ladi. Shunday qilib, Rishtonning markaziy dehqon bozorida tinmay savdo qilayotgan kishilar bilan suhbat qilishni boshladim. 

Kutilmaganda (aslida, kutgandim) bozor rahbarining ma'naviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari (o‘ylab topganim yo‘q, rost, o‘zi shunaqa tanishtirdi) menga peshvoz chiqib, «bozorda s'yomka boshlagan» kimligiga qiziqdi. Har holda tushungan, yaxshi inson ekan-u,  mendan ko‘ra ko‘p ishi bor. Negaki, u bilan suhbatimiz yakuniga yetmay, o‘rtaga tadbirkor ayol aralashdi. U bozor ma'muriyati, tuman hokimiyatidan norozi, mulkiga zarar yetganlardan biri. U haqda Kun.uz yozgandi. Aftidan, maqoladan so‘ng buzish ishlari to‘xtabdi, ammo yetkazilgan ziyon qoplanmagan. 

Farg‘ona vodiysida meva-sabzavotning narxi ancha past, ayniqsa uzum qish kunlarida ham mo‘l, arzon pullanmoqda. Go‘sht to‘g‘risida ham shunday deyish mumkin. Ammo, bozorda sotilayotgan mahsulotlar ichida pechka ham borligi meni hayron qoldirdi. Sotuvchining rastasiga yaqinlashsam, bu ijtimoiy tarmoqlarda mashhur pechkachi Dima Qayumning do‘koni bo‘lib chiqdi.