Jamiyat | 10:51 / 04.01.2019
104606
9 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Qodiriyning o‘tgan kunlari va «O‘tkan kunlar»i

O‘zbek adabiyoti tarixida o‘chmas iz qoldirgan, uning rivoji uchun hissa qo‘shgan buyuk adiblar talaygina. Ularning hayot va ijod yo‘li, boy adabiy merosi, bolaligi o‘tgan xonadonlar bugungi kun kishilarining ko‘z oldida tarix sahifalarini jonlantiradi.

Kun.uz sayti yangi «Barhayot adabiyot» loyihasi orqali sevimli yozuvchi va shoirlarimiz yashagan xonadon hamda uy muzeylarida bo‘lib, o‘quvchilarni yozuvchilar merosi bilan tanishtirib borishni maqsad qildi.

Zero, Abdulla Qodiriy aytganidek, «Moziyga qarab ish tutmoq xayrlidir». Loyihaning birinchi sonini XX asr yangi o‘zbek adabiyotining ulkan namoyandasi, o‘zbek romanchiligi asoschisi, o‘z davrining muhim ijtimoiy-madaniy jarayonlar faol ishtirokchisi Abdulla Qodiriydan boshlashga qaror qildik va adib yashab o‘tgan xonadonda bo‘ldik.

Yozuvchining hayot va ijod yo‘li, u yashagan xonadondagi taassurotlarimizni suratlar orqali sizga taqdim etamiz.

Adib yashagan hovli Toshkent shahri markazidagi Samarqand darvoza mahallasida joylashgan.

Mahallaning tor ko‘chasi bo‘ylab borar ekanmiz, pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan hamda peshtoqiga Abdulla Qodiriy va Julqunboy yozuvi tushirilgan darvoza qarshimizdan chiqdi.

Qiziq, odatda biror ijodkor yashagan xonadonga sayohat qilganimizda falonchi adibning uy muzeyi degan jimjimador yozuvlarni ko‘rishga o‘rganganmiz. Biroq, Abdulla Qodiriy yashagan hovli haqidagi ma'lumot darvozaga tushirilgan shu yozuv bilangina cheklanar ekan.

Aniqrog‘i, qanchalik g‘alati eshitilmasin, o‘zbek adabiyotiga «O‘tkan kunlar», «Mehrobdan chayon» kabi asarlarni taqdim etgan buyuk adibning uyi hali ham muzeyga aylantirilmagan.

Darvoza oldida bizni adibning nabirasi Irfon aka Qodiriy qarshi oldi. Xonadon bo‘ylab sayohat qilish haqidagi iltimosimizni u kishi quvonch bilan qabul qildi.

Adib yashagan uy. U ikki qavatdan iborat.

Ekskursiyani uyning ikkinchi qavatidan boshladik. Irfon akaning aytishicha, 1937 yilning 31 dekabrida Abdulla Qodiriy aynan shu uydan olib ketilgan va 1938 yil 4 oktyabrda «xalq dushmani» sifatida ayblanib otilgunga qadar bo‘lgan 9 oyni qamoqda tergov va qiynoqlarda o‘tkazgan.

Uy ichiga kirgandanoq o‘rin ko‘rpali temir krovat e'tiborimizni tortdi. Irfon Qodiriyning aytishicha, bu adibning yotoq krovati bo‘lgan.

Abdulla Qodiriy qo‘l yuvgan oftoba, uyni yoritishda xizmat qilgan fonus, hujjatlarni saqlash uchun foydalanilgan temir sandiq va uning rafiqasi Rahbarnisa aya kelinlikda olib kelgan sarpo sandig‘i adibning avlodlari tomonidan saqlab qolingan.

Ushbu yo‘l chemodani va soyabondan yozuvchi turli safarlar, xususan, vodiy viloyatlariga qilgan safarlarida ko‘p foydalangan.

Garderob va shkaflar yozuvchiga o‘sha davrdagi yozuvchilar uyushmasidan berilgan. Taqdirning ishini qarangki, o‘sha davr tuzumi sabab Abdulla Qodiriy avval yozuvchi sifatida tan olindi, taqdirlandi va so‘ngra «xalq dushmani» sifatida otildi...

Suratdagi qo‘lqop va bosh kiyim Abdulla Qodiriyning farzandi Habibulloh Qodiriyga tegishli.

Adibning nabirasidan ushbu qo‘lqop va bosh kiyimi tarixi haqida so‘rayman. Irfon akaning aytishicha, Abdulla Qodiriy qamoqqa olinishi va qatl etilishi ortidan uning farzandlariga ham ko‘p zahmatlar yetadi. Xususan, 1945 yilning 25 mayida Habibulloh Qodiriy «xalq dushmanining o‘g‘li» sifatida uzoq davom etgan qiynoq va so‘roqlardan so‘ng Sibirga surgun qilinadi.

Qo‘lqop va bosh kiyimidan Habibulloh Qodiriy Sibirning izg‘irinli sovuqlarida og‘ir mehnatlarda foydalangan.

Irfon Qodiriyga ko‘ra, otasi Habibulloh Qodiriy uzoq surgunlik va mashaqqatlardan keyin, 10 yil o‘tib, (Sobiq sho‘ro rahbari Iosif Stalin hokimiyati ag‘darilgach) 1955 yilda 37 yoshida uyga qaytadi va oila quradi...

Ekskursiyani Abdulla Qodiriy hovlisining markazida joylashgan shiyponda davom ettirdik.

Suhbatdoshimizning aytishicha, ushbu shiyponda Aleksey Tolstoy, So‘fizoda, Oybek, Komil Yashin, G‘afur G‘ulom, Sadriddin Ayniy, Abdulla Qahhor, Yusufjon qiziq Shakarjonov, Hamid Olimjon, Yunus Rajabiy kabi yozuvchi va san'atkorlarning qizg‘in suhbatlari, ijodiy bahslari kechgan. Bu haqda batafsil ma'lumotlar Habibulloh Qodiriyning adib hayoti va ijodiga bag‘ishlangan eng muhim manbalardan biri «Otam haqida» nomli kitobida uchraydi.

Afsuski, Abdulla Qodiriyning «xalq dushmani» sifatida otuvga hukm qilinishi va shiypondagi ijodiy uchrashuvlarning to‘xtab qolishida xonadonga kelib-ketib yurgan ayrim mahalliy yozuvchilarning ham qo‘li borligi haqidagi mish-mishlarni eshitganmiz. Ushbu jumlalarni yozganda, beixtiyor Muhammad Yusufning quyidagi satrlari yodga tushadi:

Alhazar, alhazar, ming bor alhazar,

Ana yurishibdi kiyganlari zar

Qodiriyni sotib shoir bo‘lganlar...

Uyning birinchi qavatidagi xona burchagida turgan temir sandiqda Abdulla Qodiriyning tugallanmagan asarlari saqlangan ekan.

U keyinchalik qo‘lyozmalari bilan ko‘mib tashlangan.

Irfon akaning aytishicha, sandiqda Abdulla Qodiriy yozishni rejalashtirgan «Amir Umarxonning kanizi» nomli tarixiy asari uchun to‘planayotgan material-ma'lumotlari ham bo‘lgan.

Adibning o‘zi asar haqida «O‘ylab yurgan ro‘monimni yozib bitirsam, kitob bo‘lib chiqsa, qo‘rqamanki, «O‘tkan kunlar», «Mehrobdan chayon»ni hech kim o‘qimay qo‘yadi», deya fikr bildirgani ma'lum.

Xo‘sh, dastlab 1929-1930 yillarda yozilishi boshlanib, vaqtincha to‘xtalish bilan (orada «Obid ketmon» qissasi yoziladi)1934 yilda yana yozilishi davom etgan asar taqdiri nima bo‘ldi?

Savolga Irfon aka quyidagicha javob berdi:

«Kunlardan bir kun otam, qo‘lyozmalar qay ahvoldaligini bilish maqsadida sandiqni kovlab oladi. Taqdirni qarangki, aynan o‘sha kuni uyimizga bostirib kirib, otamni qo‘lga olganlar. Tabiiyki, otam bilan birga bobomning qo‘lyozmalarini ham olib ketishgan. O‘sha vaqtlarda qog‘oz yetishmovchiligi bo‘lgani uchunmi yoki boshqa sababmi otamni qiynoqlar bilan so‘roq qilishganda natijalarini bobom qo‘lyozmalarining bo‘sh orqa tarafiga yozib borganlar. So‘roq chog‘ida tergovchining o‘sha qo‘lyozmalarga maxorka o‘rab chekkani va otamga ham uzatgani ma'lum. 1938 yil oktyabriga qadar davom etgan deyarli bir yarim yillik qiynoqlarda butun qo‘lyozmalar shu tarzda «maxorka» bo‘lib yonib bitgan».

Qodiriyning kunlari o‘tgan xonadondan qaytar ekanmiz, adib xotirasi, boy merosi avlodlar yuragida «O‘tkan kunlar» kabi doimo yonib turishiga amin bo‘ldik.

Ma'lumot o‘rnida: O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 dekabrdagi «Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi farmoyishiga muvofiq, 2019 yilda yozuvchi yashab ijod qilgan manzilda uy-muzeyi tashkil etilishi belgilandi.

Ilyos Safarov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid