Sport | 20:47 / 04.01.2019
26456
12 daqiqa o‘qiladi

Eng ko‘p kutilayotgan transferlar beshligi va boshqa mish-mishlar

Yevropada qishki transferlar darichasi endigina ochildi, lekin o‘tgan yil oxiridayoq ayrim futbolchilarning qaysi klubga o‘tishi masalasi oydinlashib ulgurgandi. 1 yanvar kuniyoq «Chelsi» Dortmundning «Borussiya»sidan amerikalik yarimhimoyachi Kristian Pulishichni 64 million yevro evaziga transfer qildi. Faqat bu 20 yoshli futbolchi mavsumning qolgan qismini ham Germaniya chempionatida o‘tkazadi.

Quyida shu yanvarda amalga oshishi mumkin bo‘lgan 5 transfer bo‘yicha ma'lumotlar keltiriladi.

Sesk Fabregas – «Monako»
31 yosh; «Chelsi» bilan shartnomasi muddati 2019 yilgacha

2 yanvar kuni Angliya chempionatining 21-turida «Sauthempton»ga qarshi kechgan o‘yin ushbu ispaniyalik futbolchi uchun Angliyada o‘tkazilgan 500-o‘yin bo‘ldi («Arsenal» safidagi o‘yinlar bilan birga). Barcha futbolchining faoliyati cho‘qqidan tushgani va oxirgi bosqichga yaqinlashganini anglab turibdi. Fabregas o‘yindan keyin muxlislarga murojaat qildi va ularni shanba kuni Angliya Kubogi doirasida «Notingem Forest»ga qarshi kechadigan o‘yinga taklif qildi. Bu o‘yin uning uchun London klubi safidagi xayrlashuv o‘yiniga aylanishi ham mumkin. 

Bunday taxminga asos bor. Maurisio Sarri kelgach u asosiy tarkibdan tushib qoldi (mavsumda «Chelsi»ning 31 o‘yinidan faqat 15tasida qatnashdi, shundan APLda 5ta o‘yin, faqat 1 o‘yinda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi). Avvaliga «Milan»ga yo‘l olishi aytilgan futbolchiga keyingi kunlarda navbatdagi xaridor chiqdi. Milanliklar transfer qiymati masalasida kelishuvga erisha olmagan, «Monako» esa mavsumning ikkinchi qismini munosib o‘tkazish uchun jiddiy transferlar amalga oshirishi kerak. 

Ayni vaqtda monegaskliklar 17-o‘rinda joylashgan va ularni «xavfli hudud»dan faqat 4 ochko ajratib turibdi. Fabregas esa sobiq jamoadoshi Anri bilan yana hamkorlik qilishga qarshi emas. Fransiya chempionatida u ikkinchi yoshligini eslashi ham mumkin. U va jamoadoshlarining oldidagi birinchi vazifa quyi ligaga tushib ketmaslik bo‘ladi. «Monako»ga shunday tajribali futbolchi juda zarur.

Qolaversa «Chelsi»ga rossiyalik biznesmen Roman Abramovich, «Monako»ga esa boshqa bir rossiyalik Dmitriy Ribolovlev xo‘jayinlik qilishi bu transfer amalga oshishini yanada tezlashtiradi. L’Equipe ma'lumotiga ko‘ra, fransuz klubi rahbariyati ispaniyalik futbolchiga 2,5 yillik shartnoma, shuningdek, transferga rozi bo‘lishi uchun 10 million yevro miqdorida bonus taklif qilgan. Futbolchining transfer narxi 25 million yevroga baholangan, lekin londonliklar bu futbolchini 10 million yevroga qo‘yib yuborishga ham rozi.

«Monako» «Kristal Pelas»dan himoyachi Mamadu Sako, «Chelsi»dan himoyachi Gari Keyxill, «Beshiktosh»dan Pepe, «Nant»dan Diyego Karlos kabi futbolchilarni ham ko‘z ostiga olib qo‘ygan.

Nabil Fekir – «Real»/ «Barselona»/ «Chelsi»/ «Bavariya»
25 yosh, «Lion» bilan amaldagi shartnomasi 2020 yilgacha

O‘tgan qishda bo‘lgani kabi bu safar ham ushbu futbolchining nomi ko‘plab klublar bilan bog‘lanmoqda. O‘tgan yozda uning «Liverpul»ga transferi deyarli hal bo‘lgandi, ammo mersisaydliklar klubi rahbariyati futbolchining o‘tmishdagi jarohatlarini hisobga olgan holda bu transfer g‘oyasidan voz kechgandi. Fekir bu holatdan qattiq ranjigan, intervyularidan birida Yurgen Klopp jamoasi bilan bog‘liq voqea o‘tmishga aylangani haqida eslab o‘tgandi.

Nabilda «Lion» bilan shartnomani uzaytirish varianti ham bor. Ammo futbolchini «Real», «Barselona», «Chelsi» va «Bavariya» kabi grandlar o‘z safida ko‘rishni istamoqda. Sarri shaxsan ushbu futbolchiga qiziqmoqda, o‘tgan qishda «Lion»dan Korentino Tolissoni xarid qilgan va ishonchi oqlangan «Bavariya» yana bir shunday xarid amalga oshirishga bel bog‘lagan (Tolisso jarohat olib safdan chiqqani ham shunday transfer zaruratini yuzaga keltirgan). Futbolchi bir qarorga kelishi kerak, muhimi tanlovda adashmaslik.

Fekirning injiqliklari «Lion» rahbariyatini qiyin ahvolga solib qo‘ygan. Agar uni hozir sotishmasa, shartnomasi muddati yakunlay deb qolgan futbolchi bir yildan keyin tekinga ketishi mumkin. Bu fakt esa transferlar bozoridagi salohiyatli xaridorlarni harakatlanishga undaydi. Ammo fransuzlar Chempionlar ligasining nimchorak finalida «Barselona»ga qarshi o‘yinlarda o‘ynatishni istaydi. Agar u Messi va jamoadoshlariga qarshi o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatsa, klub yozda uni kattagina mablag‘ evaziga (kamida 70 million yevro) sotishi mumkin bo‘ladi.

«Lion» futbolchisini hozir sotish varianti ham bor, bu holda kelishuv mavsum yakunida kuchga kiradi.

Aaron Remzi – «Yuventus»
28 yosh; «Arsenal» bilan shartnomasi muddati 2019 yil yoziga qadar

Uelslik bu futbolchi «Arsenal»da paydo bo‘lganida 17 yoshda edi. Ammo London klubida Venger ortidan uning ham davri tugagan ko‘rinadi. Remzining shartnomasi shu yil yozida yakunlanadi, ammo futbolchi Buyuk Britaniya hududlaridan tashqaridagi boshqa klublardan kelayotgan chaqiriqlarni qabul qilishga tayyor. Unga eng asosiy da'vogar Turinning «Yuventus» klubidir. Turinliklar klubi sport direktori Fabio Paratichi ham futbolchiga bo‘lgan jiddiy qiziqishni rasman tasdiqladi. Oxirgi xabarlarga ko‘ra, futbolchi bo‘lajak klubi bilan 4 yillik shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishgan, unga ko‘ra futbolchi yiliga 8 million yevro miqdorida maosh bilan ta'minlanadi.

Ayni vaqtda Remziga «Bavariya», «Inter», «PSJ» va «Real»dan ham qiziqishlar mavjud.

«Arsenal» bosh murabbiyi Unai Emeri esa «Fulhem»ga qarshi o‘yinda 15 daqiqa o‘ynab, 1 gol urgan futbolchisi klubda qolishiga umid bildirmoqda. U futbolchiga ko‘proq o‘yin amaliyoti va'da qilgan.

Frenki de Yong – «Manchester Siti»/ «PSJ»/ «Bavariya»/ «Barselona»
21 yosh; «Ayaks» bilan shartnomasi muddati 2022 yil yoziga qadar

Matteys de Ligt va Frenki de Yong

Fekir bilan bo‘layotgan vaziyat anchadan buyon Frenki bilan ham kuzatilmoqda. Niderlandiyalik vunderkindga grand klublar allaqachon jiddiy e'tibor qaratishgan. O‘tgan yozda amsterdamliklar klubi rahbariyati futbolchi uchun kelgan behisob takliflarni inkor qilishgandi. O‘shanda havbekning narxi 7 million yevro atrofida edi, bugungi kunga kelib esa uning transfer qiymati 60 million yevroga baholanmoqda. Yarim mavsumda 8,5 barobar o‘sish.

Endi «Ayaks» muzokaralarda o‘z shartlarini o‘tkazishi mumkin. Klub ilk taklifga 75 million yevrolik javobni qaytardi. «Barselona» esa bu javobdan cho‘chib ketdi va katalonlar boshqa variantlarga yuzlanishga majbur bo‘ldi. Ammo jahon futbolida buncha mablag‘ni osonlik bilan to‘laydigan boshqa bir qator grand klublar bor, bular birinchi navbatda «Manchester Siti», «Bavariya» va «PSJ». Inglizlar va fransuzlar moliyaviy feyr-pley tufayli muammoga duch kelishi mumkin, myunxenliklarning vaziyati osonroq. Daily Mail xabariga ko‘ra, nemislar grandi de Yong uchun 78 million yevro to‘lashga va uni klub tarixidagi eng qimmatbaho futbolchiga aylantirishga tayyor. Hozircha «Bavariya»ning eng qimmatbaho futbolchisi Tolisso hisoblanadi (41,5 million yevro).

Oxirgi xabarlarga ko‘ra, «PSJ» «Ayaks»dan de Yongga qo‘shib himoyachi de Ligtni ham sotib olmoqchi. Marca nashri xabariga ko‘ra, parijliklar bu ikki yosh futbolchi uchun 150 million yevro to‘lashga rozi (80 million yevro Frenki uchun, 70 millioni esa Matteysga). Ayni vaqtda amsterdamliklar jamoasining 19 yoshli sardori Matteys de Ligtga «Barselona», «Yuventus», «Bavariya» va «PSJ» tomonidan ham yuqori darajada qiziqishlar mavjud.

Adriyen Rabo – «Barselona»
23 yosh, «PSJ» bilan shartnomasi muddati 2019 yil yoziga qadar

O‘tgan yilda ushbu yarimhimoyachi Fransiya futbolidagi asosiy mojaroni keltirib chiqarishiga bir baxya qolgandi. O‘shanda u Fransiya terma jamoasining JCh-2018 uchun ro‘yxatida asosiy tarkib futbolchisi sifatida ko‘rsatilmaganidan norozi bo‘lgandi. Keyin esa u «PSJ» rahbariyati bilan ziddiyat keltirib chiqardi va shartnomani uzaytirishdan bosh tortdi. OAV parijliklar futbolchisini arzimagan 5 million yevro evaziga «PSJ»ga sotishga rozi bo‘lgani to‘g‘risida xabarlar tarqatdi. Aks holda fransuzlar futbolchini yarim yildan keyin tekinga qo‘yib yuborishiga to‘g‘ri keladi. Xabarlarda aytilishicha, katalonlar klubi vakillari fransiyalik futbolchi bilan klubini aylanib o‘tgan holda muzokara o‘tkazgan. «Barselona» esa bu ayblovlarni rad etib kelmoqda, klubdagilar futbolchiga qiziqish haqida «PSJ»ni ikki marta rasman ogohlantirishganini aytishmoqda.

Raboning harakatlaridan kelib chiqqan holda Tomas Tuxel uni tarkibdan chetlatgan va uni tarkibga qaytarmoqchi emas. Shunday ekan, futbolchi shu qishda klubni tark etishi aniq. Hatto arzimagan mablag‘ evaziga ham.

Shartnomasi shu yozda tugaydigan boshqa futbolchilar

David De Xea - «Manchester Yunayted» - 28 yosh - 70 million yevro 
Antoni Marsiyal - «Manchester Yunayted» - 23 yosh - 60 million yevro
Ander Errera - «Manchester Yunayted» - 29 yosh - 28 million yevro
Yosin Braimi - «Portu» - 28 yosh - 26 million yevro
Diyego Godin - «Atletiko» -  32 yosh - 25 million yevro
David Luiz - «Chelsi» - 31 yosh - 25 million yevro
Xuan Mata - «Manchester Yunayted» - 30 yosh - 25 million yevro
Ektor Errera - «Portu» - 28 yosh - 20 million yevro
Fil Jons - «Manchester Yunayted» - 26 yosh - 20 million yevro

Mavzuga oid