Osiyo Kubogi oldidan: Titanlar jangi
Nihoyat biz Osiyo Kubogiga chet ellik mutaxassis Ektor Kuper bilan tashrif buyuryapmiz. Go‘yoki, bu qaror oldinga tashlangan juda dadil qadamdek ko‘rinsa-da, aslida yevropalik murabbiylar Osiyoda allaqachon urfga aylanib bo‘lgan. Qit'aning bosh turniri ishtirokchilarining aksariyatini chet ellik murabbiylar boshqarmoqda.
Faqat chet ellik emas, ro‘yxat ichida butun dunyo uchun notanish bo‘lmagan tajribali mutaxassislar, hatto jahon chempionlarini ham uchratishimiz mumkin. Agar Ektor Kuperni Osiyodagi eng mashhur 10 murabbiydan biri deb e'tirof etsak, qolgan to‘qqiz nomzod haqida quyida gaplashamiz.
Osiyo Kubogi rang-barangligi jihatidan Afrika, Lotin Amerikasi va hatto Yevropadan ham alohida ajralib turadi. Chunki, Osiyoda futbolida uslub, mentalitet, madaniyat nuqtai nazaridan bir-biriga o‘xshash bo‘lmagan mamlakatlar juda ko‘p. Shuningdek, terma jamoalar boshida bir qator kuchli murabbiylarning bo‘lishi jamoalar o‘yiniga yanada sayqal beradi.
ALBeRTO DZAKKeRONI (BAA)
Italiya. 1953 yilda tug‘ilgan. Ishlagan jamoalari: «Milan», «Latsio», «Inter», «Yuventus», Yaponiya terma jamoasi.
Yutuqlari: Italiya chempioni (1999), Osiyo chempioni (2011)
Asr boshlarida futbolga qiziqqan futbol muxlislari Dzakkeronini juda yaxshi bilishadi. U Italiyaning uch katta klubida ham bosh murabbiy sifatida ishlagan kam sonli mutaxassislardan hisoblanadi. Skudettoni esa, u «Milan» bilan, o‘zining ilk mavsumida qo‘lga kiritgan. Shuningdek, Dzakkeroni A Seriyada bugunchaga keng qo‘llaniladigan 3-4-3 sxemasini ommalashtirgan mutaxassislardan hisoblanadi. To‘g‘ri, Zdenek Zeman undan oldinroq sinab ko‘rgan, ammo aynan Dzakkeroni Italiyaning top-klublariga bu sxemani olib kirib, uzoq vaqt qo‘llagan.
Alberto Osiyo futboli uchun ham, Osiyo Kubogi uchun ham begona emas. U 2010-2014 yillarda Yaponiya terma jamoasini boshqarib, 2011 yili Qatarda o‘tgan Osiyo Kubogida g‘olib chiqqandi.
PAULU BeNTU (Janubiy Koreya)
Portugaliya. 1969 yilda tug‘ilgan. Ishlagan jamoalari: «Sporting», «Kruzeyro», «Olimpiakos», Portugaliya terma jamoasi.
Yutuqlari: Yevropa chempionati sovrindori (2012), Gretsiya chempioni (2017), Portugaliya Kubogi (2007, 2008) va Superkubogi sohibi (2007, 2008)
Bentu futbolchi sifatida ham dunyoga tanish, o‘sha 90-yillardagi «oltin avlod» vakillaridan biri hisoblanadi. Yosh murabbiy sifatida esa, u «Sporting»da muvaffaqiyatli ishlagan. Lissabonliklar uning qo‘l ostida chempion bo‘lishmagan, lekin «Benfika» va «Portu» kabi «ajdarlar» bor turnirda ikki marta mamlakat kubogini qo‘lga kiritish ham juda yaxshi natija. 2010 yilda esa, terma jamoa boshiga kelib, Yevro-2012 turnirida hatto chempion bo‘lishi ham mumkin edi. Esingizda bo‘lsa, portugaliyaliklar bo‘lajak chempion Ispaniya bilan yarim finalda duch kelishgan va faqat penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lishgandi.
KARLUSh KeYRUSh (Eron)
Portugaliya. 1953 yilda tug‘ilgan. Ishlagan jamoalari: «Manchester Yunayted», Portugaliya terma jamoasi, «Real», «Sporting»
Keyrush asosan Aleks Fergyusonning yordamchisi sifatida tanilgan bo‘lsa-da, aslida ancha oldin Portugaliyada ancha mashhur mutaxassis sanalardi. 80-yillar oxirida u yerda «tilga tushgan» avlod – Figu, Koshta, Konsensau, Baya kabi futbolchilarni aynan Keyrush yoshlar terma jamoa murabbiyi sifatida kashf etgandi. Keyinroq «Sporting»ni boshqarib, mamlakat kubogini qo‘lga kiritadi.
Osiyo futbolida esa haqiqiy «bo‘rilardan» biri va eng tajribali murabbiy. Qariyb 8 yildan buyon Eron terma jamoasi bilan birga va shu vaqt mobaynida, mamlakat futboli sezilarli o‘sishga erishdi. Ayniqsa, Eronning Rossiya-2018 mundialidagi kuchli raqiblarga qarshi o‘tkazgan o‘yinlari e'tirofga loyiq.
BeRND ShTANGe (Suriya)
Germaniya. 1948 yilda tug‘ilgan. Ishlagan jamoalari: GDR, Ummon, Singapur, Iroq terma jamoalari,«Herta», «Leyptsig»
Yevropada Shtange u qadar mashhur emas, ammo Osiyo futboli uchun tanish nom. O‘zbek muxlislar ham uni juda yaxshi bilishadi, chunki juda ko‘p bor chet ellik murabbiyni olib kelish masalasi ko‘tarilganda, Shtangening nomzodi haqida ham ko‘p aytilgandi.
Germaniyalik mutaxassis Suriya terma jamoasi bilan birgalikda, balki nimchorak finalda O‘zbekiston bilan to‘qnash kelishi mumkin. Chunki F guruhida ikkinchi o‘rinni olgan jamoa aynan Suriya ishtirok etadigan guruhning ikkinchi jamoasiga qarshi maydonga tushishi mumkin.
SVeN GORAN ERIKSSON (Filippin)
Shvetsiya. 1948 yilda tug‘ilgan. Ishlagan mashhur jamoalari: «Gyoteborg», «Benfika», «Roma», «Manchester Siti», «Latsio», «Fiorentina», Meksika va Angliya terma jamoalari.
Sovrinlari: Shvetsiya chempioni (1982), Shvetsiya Kubogi sohibi (1979, 1982), UYeFA Kubogi sohibi (1982), Kubok egalari kubogi (1999), Portugaliya chempioni (1983, 1984, 1991), Italiya Kubogi sohibi (1986, 1994, 1998, 2000). Italiya chempioni (2000)
Turnirdagi eng sovrindor murabbiylardan biri, klublar futbolida ham, terma jamoalar bilan ham Yevropada taniqli bo‘lgan. Ayniqsa, o‘tgan asr oxirlarida u qurgan «Latsio» qit'aning eng kuchli jamoalaridan biriga aylangandi. Rimliklarning so‘nggi 45 yildagi yagona chempionligi ham aynan Sven Goran Erikssonning davriga to‘g‘ri keladi. 1999 yilda esa «Latsio» Kubok egalari kubogi sohibiga ham aylangan edi.
Shvetsiyalik murabbiy 2012 yildan buyon Osiyoda, xususan, Tailand, BAA, Xitoy klublarida faoliyat ko‘rsatib keldi. O‘tgan yildan boshlab esa Filippin terma jamoasini boshqarmoqda.
MARCheLLO LIPPI (Xitoy)
Italiya. 1948 yilda tug‘ilgan. Ishlagan jamoalari: «Inter», «Yuventus», «Napoli», Italiya terma jamoasi.
Sovrinlari: Jahon chempioni (2006), Italiya chempioni (1995, 1997, 1998, 2002, 2003), Chempionlar Ligasi g‘olibi (1996), Xitoy chempioni (2012, 2013, 2014)
BAAda qatnashayotgan murabbiylar ichida eng mashhuri, futboldagi ikki eng katta sovrin – Jahon chempionati va Chempionlar Ligasini yutgan murabbiy. Lippi shuningdek, «Yuventus» bilan birga besh marta Italiya chempionligini ham qo‘lga kiritganini ta'kidlash kerak.
Lippi 2012 yildan, ya'ni Xitoy chempionatiga katta pullar kirib kelishi bilan u yerda ishlay boshladi va «Guanchjou» jamoasini qatorasiga uch marta Xitoy chempioniga aylantirdi. 2016 yildan esa, terma jamoani boshqarish taklifini oldi. Jahon chempionati saralash o‘yinlari xitoyliklar uchun muvaffaqiyatsiz yakunlangan bo‘lsa-da, ular tajribali murabbiyga ishonishda davom etishmoqda.
SReChKO KATANeTs (Iroq)
Sloveniya. 1963 yilda tug‘ilgan. Ishlagan jamoalari: Sloveniya terma jamoasi, «Olimpiakos»
Srechko Katanets Yevropada u qadar nom qozonmagan bo‘lishi mumkin, lekin yaqindan kuzatadigan futbol muxlislari uchun bu nom juda yaxshi tanish. Katanets futbolchi sifatida o‘sha Gullit, Mixaylichenko, Vialli kabi futbolchilar to‘p surgan mashhur «Sampdoriya» tarkibida ham bo‘lgan.
U 1998 yilda murabbiy sifatida Sloveniya terma jamoasini qabul qilib oladi. Aynan uning qo‘l ostida sloveniyaliklar tarixda ilk bor jahon chempionati va Yevropa chempionati ishtirokchisiga aylanishdi. JCh-2002 turnirida sloveniyaliklar guruhdagi barcha uchrashuvda mag‘lubiyatga uchrab, Katanets iste'foga chiqarilgan bo‘lsa-da, bu davlat uchun yo‘llanmaning o‘zi ham juda katta muvaffaqiyat sanaladi.
Srechko Katanets o‘tgan yildan buyon Iroq terma jamoasini boshqarib kelmoqda.
XOSe ANTONIO PITsTsI (Saudiya Arabistoni)
Ispaniya. 1968 yilda tug‘ilgan. Ishlagan jamoalari: «Valensiya», Chili terma jamoasi
Sovrinlari: Argentina va Chili chempioni
Xose Antonio Pitstsiga o‘z vaqtida «Barselona»da braziliyalik Ronaldoga o‘rinbosar sifatida qaralgandi. Ammo ishonch u qadar oqlanmadi va Pitstsi 1998 yilda «River Pleyt»ga transfer qilib yuborilgan.
Pitstsi 2005 yildan buyon murabbiylik faoliyatini boshladi va kelib chiqishi argentinalik bo‘lgan mutaxassis asosan Argentina va Chili chempionatlarida o‘zini sinab ko‘rdi. Uning murabbiy sifatidagi asosiy yutug‘i esa, Chili terma jamoasiga to‘g‘ri keladi. U 2016 yilda chililiklarni Amerika Kubogi sohibiga aylantirgandi. Esingizda bo‘lsa, Chili o‘shanda Messi va Argentina ustidan penaltilar seriyasida ustun kelgandi.
Saudiya Arabistoni terma jamoasi tarkibi, uslubi Osiyoda yetakchi bo‘lmasa-da, o‘sha chililiklarga ham o‘xshab ketadi, ya'ni bunday formatlarda muvaffaqiyat qozonishni bilgan murabbiy uchun juda qiziq loyiha. Ko‘ramiz.
MIODRAG RADULOVICh (Livan)
Chernogoriya. 1967 yilda tug‘ilgan. Ishlagan jamoalari: «Paxtakor», «Dinamo» Moskva, «Boavishta».
Sovrinlari: Chernogoriya chempioni (2012)
2008-2010 yillarda «Bunyodkor» juda katta ambitsiyalar bilan o‘zbek futbolida qadamlar tashlagach, «Paxtakor» asosiy raqobatchi sifatida bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirgandi. Jumladan, ushbu mutaxassis Toshkentga taklif qilingan va uning o‘yin uslubi, natijalari ko‘pchilikka juda yoqqandi.
Ammo bu hamkorlik uzoqqa cho‘zilmadi. Moskvaning «Dinamo» klubiga bosh murabbiy bo‘lgan Bojovich do‘stini yoniga chaqirdi va ikki tomonlama rozilikka binoan, Radulovich «Paxtakor»ni tark etdi. Murabbiylarning Moskvadagi faoliyatlari ham uzoqqa cho‘zilmadi va shundan keyin biz bu mutaxassis bilan to‘qnashmagandik.
Osiyo Kubogida Livan terma jamoasi o‘yinlarini kuzatish o‘zbek muxlislari uchun qiziq bo‘lsa kerak. Aytgancha, balki o‘sha eski munosabatlar tufayli, yaqinda Avstraliyada O‘zbekiston va Livan terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil qilindi.
Q.Aslanov tayyorladi
Mavzuga oid
15:36 / 18.11.2021
Kongo DR milliy jamoasi Ektor Kuperning qo‘pol xatosi sababli JCh-2022 orzusidan mosuvo bo‘lish arafasida. Aslida nima bo‘lgandi?
12:13 / 16.11.2021
«Roma»dagi asosiy maqsad, Mourinoning boshqalardan farqi, «Paxtakor»ga o‘tmagani, Babayan, Kuper, Abramov va Katanets davri taqqosi – Shomurodov bilan intervyu
21:10 / 13.08.2021
Karlush Keyrush O‘zbekiston MJga bosh murabbiy bo‘lish taklifini rad etgani ma'lum bo‘ldi
21:50 / 01.07.2021