O‘zbekiston | 21:16 / 16.01.2019
11082
3 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva: «2019 yil barchamiz uchun hal qiluvchi yil bo‘ladi»

Xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini oshirish, ularning nafaqat oilada, balki mamlakatda olib borilayotgan islohotlardagi faol ishtirokini ta'minlash 2019 yildagi eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Kun.uz muxbiri 16 yanvar kuni Xalqaro Press-klub maydonida ayollar masalasiga bag‘ishlangan sessiya davomida Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyevaning so‘zlariga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Xalqaro Press-klub

Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining qayd etishicha, ta'lim, sog‘liqni saqlash kabi tizimlarda turli ijtimoiy masalalarning yig‘ilib qolganligi oilalar, farzandlar hayotiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan. Mana shu to‘planib qolgan muammolarni hal qilishga jadal kirishilgan.

Eng avvalo, ehtiyojmand ayollarni uy-joy bilan ta'minlash, oilalarni mustahkamlash, ularning noto‘g‘ri yo‘llarga kirishi oldini olish borasidagi ishlar faollashtiriladi.

"Umuman olganda, 2019 yil hammamiz uchun hal qiluvchi yil bo‘ladi. 2018 yilda barcha tizimlarni, ya'ni mahalla, oila, yoshlar ittifoqi kabilarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash choralarini ko‘rish yili bo‘lgan bo‘lsa, 2019 yil shu ishlarning natijasini ko‘ra boshlaydigan davr hisoblanadi", - deydi Bosh vazir o‘rinbosari.

Xalqaro Press-klub

Ta'kidlash joizki, 2018 yil O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi faol ish olib bordi, qo‘mita raisi O‘zbekistonda birinchi marta gender tenglik, rahbar ayollar kabi dolzarb masalalarni ko‘tardi, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar uchun butun respublika bo‘ylab maxsus markazlar tashkil etildi, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik aloqalari kuchaytirildi. Shu bilan birga, qator xorijiy mamlakatlar ekspertlarini jalb qilgan holda O‘zbekistonda birinchi marta «Mamlakatning demokratik yangilanishi hamda modernizatsiyasida ayollarning roli: O‘zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot» mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Unda davlat boshqaruvida ayollarning roli va imkoniyatlarini kengaytirish hamda gender tengligini ta'minlashning ahamiyati, ayollar bandligi va tadbirkorligi – oila mustahkamligi kafolati, xotin-qizlarni ijtimoiy himoyalash va ularning salomatligini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish masalalari chuqur muhokama qilindi va bu borada barcha mamlakatlar vakillari o‘zaro fikr almashishdi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid