Jahon | 22:23 / 17.01.2019
10630
2 daqiqa o‘qiladi

Brexit oldidan Britaniyani badavlat yevropaliklar tark etayotgani ma'lum qilindi 

Foto: Henry Nicholls / Reuters

Yevropa Ittifoqining Buyuk Britaniyada yashovchi o‘ziga to‘q fuqarolari mamlakatni borgan sari faolroq tark etmoqdalar. Bu haqda Bloomberg axborot agentligi xabar berdi. Ko‘chishda yordam beruvchi firma egasi Entoni Uord Tomas agentlik bilan suhbatda uning kompaniyasi 2018 yilda deyarli 300 mijozga Britaniyadan ketishda yordam berganini, bu esa 2017 yilgiga nisbatan 82 foiz ko‘proqligini ma'lum qilgan.

Uord Tomasning aytishicha, uning mijozlari kamida 5 mln funt sterling kapitalga ega yevropaliklar hisoblanadi. Ular xorijga yaxshiroq iqlim va siyosiy barqarorlik izlab ketishmoqda.

Ta'kidlanishicha, odamlarni Brexit emas, balki Britaniyadagi umumiy beqarorlik xavotirlantirmoqda. “Odamlar kemani tark etmoqdalar,. Kema esa tubga qarab cho‘kmoqda”, deb aytgan Uord Tomas.

Uning fikricha, Britaniya parlamenti Yevropa Ittifoqi bilan Brexit bo‘yicha kelishuvni qabul qilmagandan keyin migrantlar oqimi kuchayishi mumkin. 

Britaniyani tark etayotganlarning ko‘pchiligi Parij, Bryussel, Tsyurix va Jyenevaga yo‘l olmoqda. Ta'kidlanishicha, Italiya migrantlarni o‘ziga tortuvchi markazlardan biriga aylangan. Avvallari britaniyalik tadbirkorlar Italiyada qo‘shimcha uy sotib olgan bo‘lsalar, endi u yerga oilalari bilan ko‘chib o‘tmoqdalar.

“Ular uylar sotib olishmoqda, Britaniyadan oilalarini ko‘chirib bormoqdalar va Londonda ish bilan haftasiga bir necha kungina bo‘lishmoqda, qolgan ishlarini esa masofadan bajarmoqdalar”, deyilgan xabarda.

“Qochqin”lardan bir qismi Londondan unchalik ham uzoqlashishga shoshmay, Ispaniya va Italiya o‘rniga La-Mansh bo‘g‘ozidagi Jyersi va Gernsi orollarini afzal ko‘rmoqda. Bu orollar Britaniya tarkibiga rasman kirmaydi va Yevropa Ittifoqi qismi hisoblanmaydi, ularning mahalliy soliq tizimida esa meros va kapitalning o‘sishiga soliqlar yo‘q.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid