Sport | 07:48 / 17.01.2019
70342
4 daqiqa o‘qiladi

Eron va Iroq bosh murabbiylari Ravshan Ermatovning hakamligiga baho berdi

Foto: REUTERS

Osiyo Kubogi guruh bosqichining 3-turida Eron–Iroq uchrashuvi, garchi hisob ochilmagan bo‘lsa-da, kutilganidek, musobaqadagi eng markaziy o‘yinlarga xos tarzda kechdi. Uni boshqarib borgan Ravshan Ermatovning ba'zi qarorlari, xususan forslar yarimhimoyachisi Umid Ibrohimiy yiqitilgan vaziyatda Iroq darvozasi tomon penalti belgilamagani ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

O‘yindan keyingi matbuot anjumanida har ikki jamoa bosh murabbiyidan ham bu haqda fikr bildirishni so‘rashdi.

Image
Karlush Keyrush
Foto: Getty Images

«O‘yin shu qadar shiddatli kechdiki, hozir o‘zimni charchagandek his qilyapman. Ikkala jamoa ham katta shijoat bilan to‘p surdi.

O‘yinni biz nazorat qildik. Birinchi bo‘limda yaxshiroq o‘ynadik, ikkita vaziyat yaratdik. Ikkinchi taymda esa muvozanat 50/50 bo‘ldi. Oxir-oqibat, har ikkala jamoaning fidoyiligi va astoydil harakat qilganini inobatga olsak, menimcha, durang adolatli natija bo‘ldi», – dedi Eron terma jamoasi bosh murabbiyi Karlush Keyrush.

«Bugun biz uchta juda yaxshi jamoani kuzatdik. Uchinchisi – hakamlar guruhi edi. Referiga gap bo‘lishi mumkin emas. Uning tajribasi katta ekani ko‘rinib turdi. Ba'zi qarorlarni qabul qilish oson emasdi, shunday bo‘lsa-da u o‘ta mahoratli hakam ekanini namoyish etdi», – deya ta'kidladi Keyrush.

O‘z navbatida, iroqliklar ustozi Srechko Katanets o‘yinning birinchi bo‘limida hakam forslar foydasiga qarorlar chiqargandek tuyulganini yashirib o‘tirmadi.

Image
Srechko Katanets
Foto: Getty Images

«Ehtimol, ha, birinchi bo‘limda. Ammo shuni ham tushunishingiz kerakki, hakam juda katta bosim ostida edi. Shuning uchun ham bu borada fikr bildirmayman.

Keyingi bosqichdan boshlab VAR tizimidan foydalaniladi. Shunday ekan, pley-offdan boshlab hakamlarga osonroq bo‘ladi», – dedi Katanets.

Shu bilan birga, o‘yindan keyingi mikst-zonada Eron hujumchisi Sardor Ozmundan ham bu boradagi fikrlari bilan o‘rtoqlashish so‘raldi.

«O‘yin chindan ham asabiy kechdi. Umid Ibrohimiy yiqitilgan vaziyatda penalti belgilanishi kerak edimi yoki yo‘q – buni men emas, boshqalar tahlil qilsin, bu mening ishim emas», – deya fikr bildirdi Sardor Ozmun.

Eslatib o‘tamiz, Eron ushbu durangdan keyin guruhda Iroq bilan bir xil 7 ochkodan to‘plab, to‘plar nisbatidagi ustunlik evaziga 1/8 finalga 1-o‘rin bilan chiqdi. Forslar pley-offda «B», «E» yoki «F» guruhlaridan birida 3-o‘rinni egallagan terma jamoa bilan o‘ynaydi. Iroq esa «Ye» guruhi g‘olibiga (Qatar yoki Saudiya Arabistoni) qarshi maydonga chiqadi.

Mavzuga oid