Mutaxassislar fikri. Guruh bosqichidan xulosalar va Avstraliyaga qarshi o‘yin arafasidagi taxminlar
O‘zbekiston terma jamoasi dushanba kuni Osiyo Kubogining nimchorak finalida Avstraliyaga qarshi maydonga tushadi. Vaholanki, jamoa guruh bosqichining so‘nggi turida Yaponiya bilan durang qayd etganida ham pley-offda qit'aning amaldagi chempioni emas, balki O‘zbekiston uchun ancha qulay raqib – Saudiya Arabistoniga duch kelgan bo‘lardi. Milliy terma jamoa terma o‘z tarixida Avstraliya bilan uch marotaba o‘ynab, ularning barchasida mag‘lubiyatga uchragan; boz ustiga, ushbu raqib darvozasini biror marta ishg‘ol eta olmagan.
Xo‘sh, ana shunday kuchli va noqulay raqibga qarshi o‘yindan oldingi uchta bahsda Ektor Kuper murabbiyligidagi jamoa qanday taassurot qoldirdi? Pley-offning ilk raundidayoq Avstraliyaga duch kelish O‘zbekiston termasining keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini keskin pasaytirib yubordimi? Shundoq ham jismonan ustunlikka ega raqibning ikki kun ko‘proq dam olishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkinmi? Kun.uz Osiyo Kubogida ortda qolgan guruh bosqichini bevosita BAAda kuzatib borgan bir qator sport jurnalistlariga shu kabi savollar bilan murojaat qildi.
Mover
YouTube
«Uzreport TV» telekanali sport sharhlovchisi Davron Fayziyev O‘zbekiston terma jamoasi nimchorak finalda Saudiya Arabistoni emas, Avstraliya termasiga to‘qnash kelayotganini ijobiy holat sifatida baholadi.
«Fikrimcha, Avstraliya biz uchun yaxshiroq raqib. Yaponiyaga yutqizganimiz yaxshi bo‘lmadi, lekin yaxshi raqib deganda nimani nazarda tutyapman? Biz arab futbolidan ko‘p aziyat chekkanmiz. Arab jamoalariga qarshi o‘ynash murakkabroq, ular g‘alaba uchun hamma choralarni ko‘rishadi. Menimcha, Avstraliya bu turnirga hamma narsani o‘rtaga tashlab, biz g‘olib chiqishimiz shart, degan niyat bilan kelmagan. Shunchaki, kuchli jamoa va yaxshi natijalar qayd etyapti. Bu jamoaga qarshi yaxshi, chiroyli o‘yin ko‘rsatsa bo‘ladi. Hatto yutqazsa ham, chiroyli o‘ynab turnirdan chiqib ketsa bo‘ladi. Arab jamoalariga qarshi uchrashuvlarda esa ko‘pincha shunday bo‘ladi, yutqazganimizda alam bilan chiqib ketamiz: «Nega shunday qilishadi? Nega bunday simulyatsiyalar bo‘ladi? Nega vaqt cho‘zishadi?..» To‘g‘ri, bular oxirgi paytlarda kamaydi, lekin baribir shunga nisbatan xavotir qolgan», – deya fikr bildirdi Davron Fayziyev
«Avstraliya esa unaqa emas. Xuddi bizga o‘xshagan jamoa. Ya'ni ko‘pincha sodda futbol o‘ynaydigan va individual mahorat evaziga natijaga erishadigan jamoa. Shuning uchun pley-offda O‘zbekiston-Avstraliya – markaziy juftlik. Nimasi bilan? O‘yin uslubi bilan. Tarkibidagi texnikali futbolchilari bilan. To‘g‘ri, bizda Yevropada o‘ynaydigan futbolchilar ko‘p emas, Avstraliyada ko‘p. Lekin bizda yaxshi driblingga ega, oldingi chizig‘imizda yaxshi kombinatsion futbol ko‘rsatadigan 2-3 nafar texnikali futbolchimiz bor. Shuning evaziga, mening fikrimcha, qiziqarli juftlik yuzaga keldi», – deya ta'kidladi sharhlovchi.
«Shaxsan menda Avstraliyani yuta olishimizga ishonch bor. Hammasini o‘yin ko‘rsatadi», – deya xulosa qildi Fayziyev.
Tribuna.uz sayti jurnalisti Qahramon Aslanov nimchorak finalda Avstraliya O‘zbekiston uchun arab jamoalaridan ko‘ra qulayroq ekani to‘g‘risidagi fikrini quyidagicha asosladi.
«Qatar yoki Saudiya Arabistoni biz uchun qulayroq raqib bo‘lib ko‘ringan edi. Lekin asosiy muammomiz himoya chizig‘i ekani, to‘psiz harakatlanish va zonalarni yopishda qiyinchilikka uchrashimizdan kelib chiqib, hozirgi bosqichimizda arab jamoalaridan ko‘ra Avstraliya qulayroq. Arab jamoalari dribling ishlatishadi, kutilmagan va chiroyli o‘yin ko‘rsatishga harakat qilishadi, qisqa masofalarda kombinatsiyalar uyushtirishadi. Bunaqangi uslubdagi jamoalarga qarshi hali shakllanmagan himoya juda qiynaladi.
Menimcha, Avstraliya jismoniy va tezlik tomondan, standart vaziyatlarda kuchli. Lekin bizga yaqin uslubda, vertikal tushunarli futbol o‘ynaydi: qanotdan jarima maydoniga oshirib... Bunaqa paytda Anzurning tajribasi qo‘l keladi; Krimets yo To‘xtaxo‘jayev, yoki qanot futbolchilariga himoyalanayotgan vaqtda raqibning nima o‘ylayotgani, nima qilmoqchi ekanini tushunib olish osonroq bo‘ladi. Arab jamoalari esa juda nostandart hujumlar uyushtirishadi, bu esa hali shakllanib, o‘zaro bog‘lamlarda haqiqiy beton ko‘rinishiga kelib olmagan himoya uchun noqulay, deb o‘ylayman. Shuning uchun Ummon bilan o‘yinda ham qiynaldik. O‘ylaymanki, arablar bilan ham qiyin bo‘lgan bo‘lardi», – deydi Aslanov.
«Avstraliya futbolchilari bilan bizning futbolchilar yoshlikdan mashg‘ulotlari, ularga o‘rgatiladigan ko‘nikmalar jihatdan bir-biriga o‘xshab ketadi, deyarli bir xil maktab. Shuning uchun, ularning fikrini o‘qish, nimaning hisobiga hujum qilib, gol urishga harakat qilayotganini tushunish oson. Arab futboli birmuncha farq qiladi. Ular ko‘proq zavq uchun o‘ynashadi. To‘p bilan chiroyli o‘ynashga harakat qilishgani uchun ularga qarshi o‘ynashimiz qiyinroq. Misol uchun, Yaponiya bilan o‘yinning oxirgi 15 daqiqasini olsak. Biz to‘p bilan yaxshi muomala qildik, hujumlar uyushtirdik. Nimaga? Chunki Yaponiya ham o‘yinga pragmatik yondashdi. Kerak bo‘lganda to‘psiz o‘ynab, xatosiz o‘ynashga harakat qilishdi. Mana shunday bosim kamaygan paytda futbolchilarimiz to‘pni nazorat qilishi ham, hujumda vaziyatlar yaratishi ham mumkin. Arablar to‘psiz hech qachon o‘ynay olmagan. Biz esa ularni to‘psiz qoldiradigan darajada hali shakllanib ulgurmaganmiz. Demak, arablar to‘psiz o‘ynashni xohlamagandan keyin, to‘pni olishga harakat qilishadi, bosim uyushtirishadi. To‘pni nazorat qilishganida esa o‘z-o‘zidan biz uchun xavfli bo‘lib qolishadi. Yaponiya bilan o‘yinga qaytadigan bo‘lsak, yaponlarni to‘p nazorati bo‘yicha ortda qoldirdik. Birinchi bo‘limdan keyin 52/48 edi, ikkinchi bo‘limda yana ham oshdi (o‘yinning umumiy statistikasiga ko‘ra, to‘p nazorati O‘zbekiston foydasiga 57/43 bo‘lgan – Kun.uz). Mana shunday, raqib hujumda ham, himoyada ham o‘zimizning futbolimizga o‘xshagan, tartibli, pragmatik o‘yin ko‘rsatganda ularni to‘xtatishimiz osonroq bo‘ladi. Arablarning tartibsiz, lekin chiroyli, driblinglar, kombinatsiyalarga asoslangan o‘yiniga qarshi qiynalib qolishimiz mumkin», – deb tushuntirdi Tribuna.uz jurnalisti.
«Qatarga qarshi o‘yinda qiyinchilikka uchragandan ko‘ra, Avstraliya, Yaponiya kabi jamoalar bilan o‘ynasak, yutqazgan taqdirimizda ham – hammasi shu bilan to‘xtamaydi. Chunki tarkibimizda yosh futbolchilar bor, oldinda esa Jahon chempionati saralash o‘yinlari. Bu musobaqa tajriba, o‘ziga ishonch, murabbiy bilan futbolchilar o‘rtasidagi munosabatni keyingi bosqichga olib chiquvchi turnir deb qarasak, bu jihatdan ham Avstraliya bilan o‘ynaganimiz yaxshi. Agar natija ko‘rsatadigan bo‘lsak, albatta, tarixda birinchi marta Avstraliyadan ochko olsak yoki ulardan o‘tadigan bo‘lsak, bu katta bayram bo‘lib ketadi, deb o‘ylayman», – deya qo‘shimcha qildi Qahramon Aslanov.
Kun.uz jurnalisti Shuhrat Shokirjonov O‘zbekistonning nimchorak final uchrashuviga ancha xotirjam va ishonch bilan yondashayotganini ta'kidladi. Avstraliyaning joriy Osiyo Kubogida qayd etayotgan natijalariga termadagi avlodlar almashinuvini sabab sifatida keltirib o‘tdi.
«Iordaniya Avstraliyani mag‘lub etdi. Suriya bilan o‘yinda zo‘rg‘a, qo‘shib berilgan daqiqalarda g‘alaba to‘pi kiritildi. Menimcha, o‘ynasa bo‘ladi. Iordaniya va Suriyadan ko‘ra biz saviyaliroq jamoa hisoblanamiz baribir.
Avstraliyada avlodlar almashinuvi biroz og‘ir kechyapti. Bizda esa aksincha, tarkibimizda Osiyo chempioni bo‘lgan yoshlar bor, ko‘proq o‘shalarga tayanilyapti. Yoshi kattaroq tajribali futbolchilarimiz bor. Menimcha, Avstraliya bilan bemalol aqlli o‘yin ko‘rsatib, yengishni uddalasak kerak. Raqibning bizdan ko‘ra ikki kun ko‘proq dam olgani ahamiyatsiz», – deya mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi Shuhrat Shokirjonov.
«Sport» telekanali jurnalisti Bobur Akmalovning fikricha, O‘zbekiston terma jamoasi ancha baquvvat futbolchilardan iborat Avstraliya termasidan jismoniy tomondan ustun kela olmaydi va shu bois asosiy e'tiborni texnikaga qaratish zarur.
«Jismoniy jihatdan biz bu jamoaga boy beramiz. Azaldan avstraliyaliklar bo‘ydor, gavdali va 90 daqiqa bosimga chidab bera oladi. Bizda esa aralash: jussasi kichik yigitlarimiz ham bor; tezroq charchab qoladigani ham, oxirigacha boradigani ham bor. Shuning uchun to‘pni yerda ushlab o‘ynashga harakat qilish lozim.
Abramovcha futbolni hammamiz eslaymiz. To‘g‘ri, aynan shu futbol tufayli Avstraliyaga 0:6 hisobida yutqazganmiz, lekin u boshqa avlod edi. Avstraliyada ham, menimcha, eng gullagan avlodi edi. Hozir Avstraliyada biroz pasayish, buni bizga Iordaniya ko‘rsatib berdi. Texnikaga tayanib, paslar bilan o‘ynasak, biz Avstraliyani nisbatan biroz ustunlikka ega bo‘lishimiz mumkin, ammo aslo jismoniy jihatdan emas. Kross yugurishlar, maydonning har qarich yerida to‘p uchun kurashish, gavda bilan kurash borasida biz ustun emasmiz. Shuning uchun texnikaga tayanganimiz ma'qul», – deydi Akmalov.
Jurnalistlarning to‘liq fikrlari bilan Kun.uz`ning YouTube va Mover`dagi kanallarida batafsil tanishishingiz mumkin. Eslatib o‘tamiz, Avstraliya–O‘zbekiston uchrashuvi ertaga, 21 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00da boshlanadi.
Mavzuga oid
18:15 / 21.11.2024
Avstraliyada 16 yoshdan kichkinalar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi cheklanadi. Texnologik kompaniyalarga katta jarimalar tahdid solmoqda
18:59 / 11.11.2024
Imperator pingvini ilk bor Avstraliya sohillariga qadar suzib bordi
22:21 / 09.11.2024
Avstraliya plyajlarida ochlikdan qiynalgan minglab bo‘ronqushlar jasadi paydo bo‘ldi
23:05 / 07.11.2024