O‘zbekiston terma jamoasi dushanba kuni Osiyo Kubogining nimchorak finalida Avstraliyaga qarshi maydonga tushadi. Vaholanki, jamoa guruh bosqichining so‘nggi turida Yaponiya bilan durang qayd etganida ham pley-offda qit'aning amaldagi chempioni emas, balki O‘zbekiston uchun ancha qulay raqib – Saudiya Arabistoniga duch kelgan bo‘lardi. Milliy terma jamoa terma o‘z tarixida Avstraliya bilan uch marotaba o‘ynab, ularning barchasida mag‘lubiyatga uchragan; boz ustiga, ushbu raqib darvozasini biror marta ishg‘ol eta olmagan.

Xo‘sh, ana shunday kuchli va noqulay raqibga qarshi o‘yindan oldingi uchta bahsda Ektor Kuper murabbiyligidagi jamoa qanday taassurot qoldirdi? Pley-offning ilk raundidayoq Avstraliyaga duch kelish O‘zbekiston termasining keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini keskin pasaytirib yubordimi? Shundoq ham jismonan ustunlikka ega raqibning ikki kun ko‘proq dam olishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkinmi? Kun.uz Osiyo Kubogida ortda qolgan guruh bosqichini bevosita BAAda kuzatib borgan bir qator sport jurnalistlariga shu kabi savollar bilan murojaat qildi.

Mover

YouTube

«Uzreport TV» telekanali sport sharhlovchisi Davron Fayziyev O‘zbekiston terma jamoasi nimchorak finalda Saudiya Arabistoni emas, Avstraliya termasiga to‘qnash kelayotganini ijobiy holat sifatida baholadi.

«Fikrimcha, Avstraliya biz uchun yaxshiroq raqib. Yaponiyaga yutqizganimiz yaxshi bo‘lmadi, lekin yaxshi raqib deganda nimani nazarda tutyapman? Biz arab futbolidan ko‘p aziyat chekkanmiz. Arab jamoalariga qarshi o‘ynash murakkabroq, ular g‘alaba uchun hamma choralarni ko‘rishadi. Menimcha, Avstraliya bu turnirga hamma narsani o‘rtaga tashlab, biz g‘olib chiqishimiz shart, degan niyat bilan kelmagan. Shunchaki, kuchli jamoa va yaxshi natijalar qayd etyapti. Bu jamoaga qarshi yaxshi, chiroyli o‘yin ko‘rsatsa bo‘ladi. Hatto yutqazsa ham, chiroyli o‘ynab turnirdan chiqib ketsa bo‘ladi. Arab jamoalariga qarshi uchrashuvlarda esa ko‘pincha shunday bo‘ladi, yutqazganimizda alam bilan chiqib ketamiz: «Nega shunday qilishadi? Nega bunday simulyatsiyalar bo‘ladi? Nega vaqt cho‘zishadi?..» To‘g‘ri, bular oxirgi paytlarda kamaydi, lekin baribir shunga nisbatan xavotir qolgan», – deya fikr bildirdi Davron Fayziyev