Sport | 23:13 / 21.01.2019
20275
2 daqiqa o‘qiladi

Odil Ahmedov: “Niyatimiz musobaqaning finaligacha borish edi”

Foto: KUN.UZ

BAAda o‘tayotgan futbol bo‘yicha Osiyo kubogining nimchorak finalidan o‘rin olgan Avstraliya – O‘zbekiston o‘yini (0:0, penaltilar seriyasi bo‘yicha 4:2) yakunlangach, mikst zonada O‘zbekiston milliy jamoasi sardori, Odil Ahmedov Kun.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.

— Niyatimiz musobaqaning finaligacha borish edi. Lekin pley-offning dastlabki o‘yinidanoq lotereya deyiladigan penaltilar seriyasidan muvaffaqiyatli o‘ta olmadik. Albatta, natijaga erisha olmaganimizdan juda xafamiz, lekin bu — futbol.

— Avstraliyalik futbolchi birinchi bor zarbada adashganida siz nega sardor sifatida o‘zingiz chiqib, gol urib jamoani ruhlantirmadingiz?

— Endi-i… Islomning adashishini kim ham bilibdi deysiz. 100 ta shunday zarba bersa, 99 tasida gol urar edi. Bitta Islom yoki Maratning aybi emas-ku? Har qanday futbolchi bilan shunaqa bo‘lishi mumkin.

— Murabbiy musobaqaga olib kelgan tarkibdan to‘liq qoniqdingizmi?

— Bu tarkibni bosh murabbiy (Ektor Kuper) o‘z taktikasiga tushadigan, o‘zi xohlagan futbolchilarni tanlagan. Shuning uchun kimdir qolib ketdi, degan fikrga qo‘shila olmayman.

— Kelgusi rejalaringiz?

— Hozir aniq bir narsa aytolmayman. Hozir bu mag‘lubiyatni hazm qilib, o‘ylab ko‘rishim kerak.

Mavzuga oid