Jamiyat | 14:32 / 24.01.2019
5614
2 daqiqa o‘qiladi

Orolbo‘yi aholisi xavfsizligini ta'minlash jamg‘armasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 24 yanvar kuni Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasida O‘zbekiston respublikasi rahbariyati tashabbusi va BMT vasiyligida tuzilgan Orolbo‘yi aholisi xavfsizligini ta'minlash jamg‘armasi rahbariyati hamda jamoasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Suxrob Xolmurodov ishtirok etdi va BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer xonim bilan birga hamraislik qildi.

Tadbir davomida ulkan loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilgan jamg‘armaning texnik va ishchi guruhlari, rejalari tasdiqlandi.

Ko‘psheriklilikka asoslangan bu trast jamg‘arma faoliyati rasman 2018 yilning 27 noyabr kunida BMT shtab-kvartirasida yo‘lga qo‘yilgan edi. O‘sha kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, O‘zbekiston respublikasi hukumati, ko‘plab xalqaro tashkilotlar hamda donor davlatlar va jamg‘armalar bu loyihaga xayrixohlik bildirgan.

Xususan, Norvegiya va Yaponiya kabi davlatlar bu jamg‘armaga moliyaviy ko‘mak berishga tayyor ekanliklarini ma'lum qilishgan.

Asrdan asrga o‘tgan Orol muammosi asoratlarini bartaraf etish doirasida bir qancha yirik loyihalar ko‘zlangan bo‘lib, ularni amalga oshirishda dastlabki bosqichi 2021 yilga qadar davom etuvchi dastur asosida 123,3 mln AQSh dollari miqdorida mablag‘ jamlanadi. Bu ko‘rsatkich miqdori vaziyatga ko‘ra oshirilishi mumkin. Donorlik mablag‘lari tushib borishi va sarflanishini maxsus portal orqali onlayn kuzatib borish mumkin bo‘ladi. 

Mavzuga oid