Jamiyat | 17:00 / 25.01.2019
6829
4 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi: Noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida O‘zbekiston aholisining yarmi ortiqcha vaznga ega

Prezidentning o‘tgan yil 18 dekabrda qabul qilingan “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasini, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida tibbiy-profilaktika sohasida olib borilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish, aholi orasida sog‘lom turmush tarzi, jismoniy faollik va to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini keng targ‘ib etish borasida tizimli vazifalar belgilandi, deb xabar qilmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Xususan, ushbu yo‘nalishda 2019–2022 yillarda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish Konsepsiyasi va chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlandi. Unga muvofiq, Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda shu yilning 25 yanvaridan 25 fevraligacha Toshkent shahrida “Sog‘lom hayotga qadam tashla!” aksiyasi o‘tkazilmoqda. Undan ko‘zlangan maqsad aholining tibbiy bilimini oshirish, o‘z sog‘lig‘iga bo‘lgan e'tiborini kuchaytirish, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik hamda tamakidan voz kechish bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini olib borishdir. Bu haqda mazkur aqsiya oldidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Bir oy davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan mazkur aksiya Toshkent shahrining Mirobod, Yashnobod, Yunusobod va Shayxontohur tumanlarining jamoat joylarida bo‘lib o‘tadi. Hududlardagi “Korzinka” supermarketlari, korxona va tashkilotlar, mahallalarda – “Salomatlik maydonchalari”, hududlarda uyushmagan yoshlar bilan “Salomatlik darslari”, ta'lim muassasalarida “Tamakisiz hudud uchun ovoz beramiz” aksiyalari, alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish qoidalariga rioya qilish, tamaki mahsulotlari sotuvini rag‘batlantirilishini oldini olish hamda ish va jamoat joylarida hamda jamoat transportlarida tamakisiz hudud yaratish bo‘yicha ommaviy reydlar olib boriladi. Shuningdek, bu yerda shifokorlar fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, joylardagi o‘quv muassasalari va mahallalardagi yoshlarga tamaki chekishning zararli oqibatlari haqida ma'ruzalar qilishadi. 

Shu o‘rinda qayd etish joizki, yuqumsiz kasalliklar mamlakat aholisi salomatligi ko‘rsatkichiga ham o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmayapti. Ma'lumotlarga ko‘ra, kamharakatlilik va noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida O‘zbekiston aholisining yarmi ortiqcha vaznga ega, odamlarimizning 46 foizida qon tarkibida me'yoridan ortiq xolesterin mavjud, 31 foizida qon bosimi yuqori. Yurtimizda dehqonchilik mahsulotlari mo‘l-ko‘l yetishtirilsa-da, aholi kundalik ovqat ratsionida meva-sabzavot iste'moli yetarli emas. Ushbu muammolar tufayli O‘zbekistonda yillik o‘lim holatlarining 78 foizi aynan yuqumsiz kasalliklar ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Ko‘rinib turibdiki, sog‘lom turmush tarziga rioya etish har qachongidan-da dolzarb ahamiyat kasb etyapti.

Sog‘ligingizga e'tiborli bo‘lsangiz, aksiyada faol ishtirok eting. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid