Sport | 20:51 / 26.01.2019
67073
9 daqiqa o‘qiladi

​«Ikki quyonni quvayotgan» Aziz Turg‘unboyev mashmashasi - vaziyat taranglashyapti

Muxlislari bisyor sport turi bo‘lgan futbolda shov-shuvli voqealar juda ko‘p sodir bo‘ladi. O‘zi aslida ham to‘p o‘yini faqat maydondagi emas, balki stadiondan tashqarida yuz beradigan g‘avg‘olari bilan qiziq.

Yevropa maydonlarida milliy birinchiliklar avjiga chiqqan bo‘lsa, yurtimiz jamoalari yangi mavsumga tayyorgarlik ishlari bilan band. Klublar o‘z tarkibini shakllantirish va turli o‘quv-yig‘inlariga zo‘r berishgan.

Bir oydan beri milliy chempionatimizga qiziquvchi muxlislarni bir savol qiynab kelmoqda: ko‘p yillardan beri «Navbahor» tarkibida maydonga tushib kelayotgan, milliy terma jamoa a'zosi Aziz Turg‘unboyev yangi mavsumni qaysi klubda boshlaydi?.

Yanvar oyi boshida «Paxtakor» klubi uch nafar futbolchi bilan shartnoma imzolaganini e'lon qilgan, Akrom Komilov, Sardor Sobirxo‘jayev va Aziz Turg‘unboyevdan iborat ro‘yxat PFLga taqdim qilingan. Demak, ko‘rinib turibdiki, PFL tomonidan qabul qilingan tegishli hujjatlar va qoidalarga ko‘ra, Aziz Turg‘unboyev «Paxtakor» a'zosidir. Bu vaqtda esa Qrimda o‘quv-yig‘ini o‘tkazayotgan «Navbahor» klubining telegram kanali Aziz Turg‘unboyev mashg‘ulotlarga qo‘shilgani haqida xabar tarqatdi.

Qiziq holat. Bu tushunmovchilikka oydinlik kiritish maqsadida, PFL tashkiloti mas'ullari, «Paxtakor» va «Navbahor» klublari hamda Aziz Turg‘unboyev bilan bog‘landik.

«Paxtakor» klubi matbuot kotibi Bekzod Nazarov quyidagi ma'lumot berdi: «Ayni paytda futbolchi Aziz Turg‘unboyev mavjud hujjatlarga asosan «Paxtakor» a'zosi sanaladi. PFL qoidalarga ko‘ra, klub futbolchi bilan shartnoma imzolaganidan so‘ng, ikki tomonlama tuzilgan hujjatni bir oy muddat ichida PFLga taqdim qilib, ro‘yxatdan o‘tkazadi. Agar mana shu jarayon amalga oshirilmasa, shartnoma tan olinmaydi. «Paxtakor» klubi yanvar oyining boshida o‘yinchi bilan rasmiylashtirilgan shartnomani PFLga bergan. Yanvar oyi tugab bormoqda, «Navbahor» klubi hali bunday hujjatni PFLga taqdim qilgani yo‘q».

Aziz Turg‘unboyev hozir «Navbahor» klubi bilan birga yig‘inlarda ishtirok etyapti. Klub matbuot kotibi Ulug‘bek Umarovga yuzlandik. Afsuski, «Lochinlar» xodimi iloji boricha «Turg‘unboyev mashmashasi» to‘g‘risidagi savollardan qochishga harakat qildi. Bergan javoblari ham tumtaroq bo‘ldi. Uning javobi quyidagicha: «Men futbolchini klubimiz bilan shartnoma tuzgan yoki tuzmagan ham deyolmayman. Aziz Turg‘unboyev Namangan futboli tarbiyalanuvchisi. Barcha savollaringizga klubimiz internet sahifasida javob bor. Aziz Turg‘unboyev darvozabon O‘tkir Yusupov bilan birga BAAdan qaytib, Qrimda shug‘ullanayotgan tarkibga qo‘shilgan. Ortiqcha narsa so‘ramang. Bu borada klub rahbarlariga murojaat qilganingiz ma'qul».

«Navbahor» klubi matbuot kotibining rahbarlardan beruxsat javob bermasligidan xafa bo‘lmadik. Axir axborot asrida yashayapmiz. Klub saytiga nazar solamiz. Saytda «Navbahor» klubining Qrimdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida Simferopolning «TSK-Tavriya» jamoasiga qarshi nazorat–sinov bahsi o‘tkazgani haqidagi xabar joylashtirilgan. Simferopol jamoasiga qarshi Andrey Kanchelskis tanlagan tarkibda esa Aziz Turg‘unboyev maydonga tushgan. Asosli xabar va futbolchining so‘nggi tanlovi qanday ekanligiga javob edi bu.

Ana endi ikki tomon bilan bir vaqtda muzokara olib borayotgan va ikki klub «meniki» deb da'vo qilayotgan Aziz Turg‘unboyevning o‘zi bilan aloqaga chiqdik. Futbolchining javobi SMS orqali qisqa bo‘ldi: «Meni to‘g‘ri tushunasiz, mana shu muammolar bir tomonga hal bo‘lmagunicha sizga hech narsa deya olmayman. Masala yechilganidan keyin bemalol savollaringizga javob olishingiz mumkin. Xafa bo‘lmaysiz».

Demak, futbolchi ayni paytda ikki o‘t orasida qolgan va muammolar hal bo‘lishini kutyapti.

Bu dunyoda sirlar doim ochilgan, bu g‘alati savdo qanday paydo bo‘lgani ham bir kuni ayon bo‘ladi. Biroq, «Turg‘unboyev mashmashasi» tezroq yakuniga yetgani ma'qul. Yanvar oyi tugayapti. Hash-pash demay fevral o‘tadi va Superliga o‘yinlari boshlanadi. Undan tashqari PFL tez orada Turg‘unboyev ism-familiyasi «Paxtakor» tarkibida qayd qilingan ro‘yxatni Osiyo Chempionlar Ligasida ishtirok etishi uchun OFKga jo‘natadi.

Futbolchi eng avvalo - inson. Inson borki, xato qiladi. Hozirgi holatda Azizni ikki klub bilan bir vaqtni o‘zida shartnoma imzolagani uchun ayblashdan yiroqmiz. Keyin «Navbahor» garchi Aziz ularning tarkibida yig‘inlarda ishtirok etayotganini yashirmasa-da, uning shartnomasi borligini tasdiqlamadi.

Bundan tashqari, mabodo futbolchi ana shunday «ikki quyonni birdan quvgan bo‘lsa» PFLning alohida va keskin jazo choralariga duchor bo‘lishi tayin. Ma'lumotlarga ko‘ra, bu jazo choralari 6 oygacha diskvalifikatsiya va 500 million so‘mgacha jarima solinishigacha borishi mumkin.

Voqeaga yanada oydinlik kiritish maqsadida PFL bosh direktori maslahatchisi Diyor Imomxo‘jayevga murojaat qildik. Mutaxassisning javobi esa quyidagicha bo‘ldi: «Aziz Turg‘unboyev ikkita klub bilan birdaniga ikki shartnomaga qo‘l qo‘ygani borasida bizda dalil yo‘q. Chunki, faqatgina «Paxtakor» klubi shartnomani olib keldi va ro‘yxatdan o‘tkazdi. «Navbahor» klubi esa Turg‘unboyev bilan tuzilgan shartnomani olib kelmadi. Agar har ikki klub hujjatlarni olib kelsa, PFL ish ochishi kerak. Biroq, Turg‘unboyev Qrimda «Navbahor» klubi bilan mashg‘ulot olib borayotgani uchun «Paxtakor» tarafidan e'tiroz maktubi oldik. Demak, ish ochishga haqlimiz. Kelasi hafta futbolchi, Ilhom Mo‘minjonov, har ikki klub sport va bosh direktorlari, PFL Musobaqalarni o‘tkazish bo‘limi va O‘FA komissiyasi ishtirokida majlis bo‘lib o‘tadi. O‘sha yig‘ilishda mazkur muammoli masala bo‘yicha yuqoridagilar fikri tinglanadi. Agar futbolchi 2ta shartnomaga qo‘l qo‘ygan bo‘lsa, unga nisbatan keskin jazo choralari qo‘llanadi. Bu ishda klublardan biri vakolati doirasidan tashqari harakat qilgani aniqlansa, ularga nisbatan katta jarima, futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish borasida taqiq, futbolchini erkin agentga aylantirish kabi masalalar qo‘llanilishi mumkin».

Ana shunaqa gaplar... Aziz Turg‘unboyev bilan ikki klub o‘rtasidagi munosabatlar qay darajada rivojlangan va mashmashalar qanday boshlangani haqida aniq ma'lumotga ega emasmiz. Yuqorida aytganimizdek, futbolchi ham inson, u ham xatodan xoli emas. Ishqilib, bu xatosi unga qimmatga tushmasa bo‘lgani...

Klublarda faoliyat yuritayotgan rahbarlar, mutaxassislar va futbolchilar ish yuritishdagi me'yoriy hujjatlar, qoidalarni chuqur o‘rganmasalar, mana shunday chigal vaziyatlar yuzaga kelaveradi. Hech bo‘lmasa, futbol agenti va futbolchi tuzilgan shartnoma har ikki tomonga mas'uliyat yuklashi haqida to‘la tushunchaga ega bo‘lishi kerak.

Futbol muxlislari uchun esa «Turg‘unboyev mashmashasi» tezroq tugashi va futbolchi bu muammoli holatdan ruhiy zarbalarsiz chiqib ketishi muhimroq. U bizga «muammoli obekt» emas, maydondagi zo‘r futbolchi sifatida zarur. O‘ylaymizki, PFL tez orada bu masalaga nuqta qo‘yadi.

Elmurod Ermatov

Mavzuga oid