Jamiyat | 10:55 / 30.01.2019
4919
3 daqiqa o‘qiladi

“Yoshlar qabulxonasi”: 63 nafar yoshlarning muammosi hal etildi

Foto: Andijon viloyati hokimligi

Kuni kecha Andijon shahridagi “Yoshlar markazi”da joylashgan “Yoshlar qabulxonasi”da Oliy Majlis Senati a'zosi, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov yoshlar murojaatlarini qabul qildi.

Kechga qadar davom etgan muloqotda xorijda ishlab qaytgan 231 nafar andijonlik aholining og‘zaki murojaatlari tinglandi. Unda 63 nafar yoshlarni qiynayotgan masalalar ijobiy hal etildi.

Uchrashuv davomida uy-joy, bank-kredit, bandlik, tibbiyot, ta'lim sifati, ichimlik suvi kabi bir qator muammolar ko‘tarildi. Shuningdek, sud-huquq va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi murojaatlar qayd etildi.

Har bir yosh bilan alohida suhbat mobaynida viloyat hokimi murojaatlar ijrosi yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq vazifalarni belgilab berdi. Jumladan, Marhamat tumani “Shomad” mahallasida istiqomat qiluvchi Jamshidbek Qosimov povlovniya daraxtini ekib, yetishtirish uchun 1 gektar yer maydoni ajratilishini so‘rab murojaat etdi.

Foto: Andijon viloyati hokimligi

— Dunyoda eng tez o‘suvchi, yog‘ochi sifatli bo‘lgan, qurilishda keng ishlatiladigan povlovniya daraxtini ekmoqchiman. Bu daraxt mustahkamligi sababli undan bemalol shift, eshik, javon va stol-stullar tayyorlash mumkin. Korxona va tashkilotlar uchun jihozlar ishlab chiqarishda xomashyo o‘zimizdan mo‘l bo‘lsa, uning narxi ham ancha arzonlashadi, – deydi Jamshidbek Qosimov. — Mazkur tashabbusni amalga oshirishimga 1 gektar yer kerak bo‘lyapti.

Shuhratbek Abdurahmonov murojaatga javoban, Marhamat tuman hokimiga 10 kun muddat ichida yosh fermerga yer ajratish haqida topshiriq berdi.

Bundan tashqari, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga 25 ta, viloyat ichki ishlar boshqarmasiga 21 ta, viloyat adliya boshqarmasiga 19 ta, tuman sudlariga 30 ta hamda Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi tomonidan 8 ta murojaatlar qabul qilinib, ular tegishli mutasaddilar tomonidan ko‘rib chiqildi. Murojaatchilarning arizalari bo‘yicha huquqiy ko‘rsatmalar va maslahatlar berildi. Bir so‘z bilan aytganda, 125 nafar aholining muammolariga mas'ullar to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdi.

Foto: Andijon viloyati hokimligi

— Buloqboshi tumanining markazida “Avtoservis” shoxobchasi qurmoqchi bo‘lib yurgandim. Bugun viloyatimiz hokimiga ushbu taklifimni bildirdim, – deydi Rahmatillo Iminov. — Shuhratbek Abdurahmonov taklifimni qo‘llab-quvvatlab, tumanimiz hokimi O‘tkirbek Mamedov 10 kun ichida markazdan 2 sotix yer ajratishini ta'kidladi. Kelgusida tadbirkorlik faoliyatimni yo‘lga qo‘yish orqali 4 nafar tengdoshlarimning bandligini ta'minlamoqchiman. Qabulga kelgan barcha yoshlar murojaatlari ko‘rib chiqilib, amaliy ko‘mak ko‘rsatilayotganligidan mamnun.

Mavzuga oid