Jamiyat | 08:40
1003
2 daqiqa o‘qiladi

Tilla va platina bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari aniqlandi

Davlat xavfsizlik xizmati hamda bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida qimmatbaho metallarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yildi.

Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Andijon shahrida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan shaxs bir nechta tashmachilar yordamida “Do‘stlik” xalqaro nazorat-o‘tkazish punkti orqali bojxona nazoratini chetlab o‘tgan holda Qirg‘izistondan olib kelingan, qiymati 17 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan jami 162 gramm tilla buyumlarni qabul qilib olgan va Andijon shahri tomon harakatlanayotgan vaqtida Xo‘jaobod tumanidagi YPX maskanida ushlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davomida Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi, 1983 yilda tug‘ilgan fuqaro 908 gramm “platina” metallini sotish uchun xaridor izlayotganligi aniqlandi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida mazkur shaxs qimmatbaho metallni shartli xaridorga 62 950 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Fuqarolardan kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar berishi so‘raldi. Murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid