O‘zbekiston | 13:15 / 06.02.2019
5285
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda xorijdan kelgan o‘zbekistonlik ekspertlarning forumi o‘tmoqda

Toshkentda o‘tkazilayotgan "O‘zbekiston-2035" Ikkinchi xalqaro forumida O‘zbekistonda investitsiyalarning yetishmasligi, norasmiy iqtisodiyotning umumiy iqtisodiyotda katta ulushga ega ekanligi rivojlanishga to‘siq bo‘layotgan asosiy muammolardan biri ekanligi qayd etildi. 

Tadbir 5-6 fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida "Buyuk Kelajak" XNNT tomonidan tashkil etilmoqda. 

Shuningdek, so‘zga chiqqan spikerlardan biri, boshqa xorijiy davlatlarga nisbatan O‘zbekiston iqtisodiyotida ta'lim ulushining ancha balandligini ta'kidladi. Bu masalani asosan xususiylashtirish va biznesni rivojlantirish orqali yo‘lga qo‘yish mumkin. Forumning ilk kuni davomida mana shunday aniq masalalar muhokamasi va ularni hal etish uchun kerakli taklif-rejalar taqdimoti bo‘lib o‘tmoqda. 

Yuzdan ortiq ekspertlar ikki davomida 2035 yilga qadar O‘zbekiston uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi konsepsiyasi loyihasi uchun o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha taqdimotlarni namoyish etishadi. 

Eslatib o‘tamiz, «Buyuk Kelajak» ekspertlari kelib chiqishi O‘zbekistondan bo‘lgan, xorijda professional muvaffaqiyatlarga erishgan mutaxassislar bo‘lib, ular kengash orqali kelgusi 16 yil ichida mamlakat taraqqiyoti haqidagi o‘z fikrlari bilan bo‘lishishadi, mamlakat vazirliklari va idoralari bilan rivojlanish yo‘llarini muhokama qilishadi. 

Rivojlanishning barcha yo‘nalishlarini batafsil muhokama etish uchun davlat boshqaruvini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, bank tizimi, sanoat, transport, qurilish sohasi, turizm, infratuzilma, ekaologiya, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, texnologiya va madaniyat kabi sohalarning ishchi guruhlari tashkil etildi. 

Forum yakunida muhokamalarning natijalari to‘planib, Rivojlanish strategiyasi konsepsiyasining yakuniy versiyasi tayyorlanadi va hukumatga taqdim etiladi.

Mavzuga oid