Jahon | 10:20 / 10.02.2019
36016
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya shimolida oq ayiqlar «bosqini» tufayli favqulodda holat joriy etildi

LEV FEDOSEYEV/TASS

9 fevral kuni Rossiyaning Arxangelsk oblasti hokimiyati Novaya Zemlya arxipelagidagi qishloqlarga oq ayiqlar hujum qilishi xavfi ostida favqulodda holat joriy etdi.

Novaya Zemlya munitsipaliteti rahbari Jigansha Musinning aytishicha, favqulodda holat aholi xavfsizligi to‘liq ta'minlanguniga qadar davom etadi.

«Men 1983 yildan buyon Novaya Zemlyadaman, ammo hech qachon oq ayiqlarning bunday keng ko‘lamli tajovuziga guvoh bo‘lmaganman. Bir safar 5ta ayiq garnizon hududiga o‘rnashib olganini eslayman. Ular odamlarni ta'qib qilgan va ko‘p qavatli uylarga bostirib kirishga urinishgandi», – deydi u.

Hokimiyat vakillari arxipelagga oq ayiqlarning odamlarga hujumlari oldini olish maqsadida operativ guruh jo‘natgan. Mutaxassislar oq ayiqlarni qurol ishlatmasdan quvib yuborishga umid qilishmoqda.

«Otish taqiqlangan, mahalliy aholi uchun xavfsizroq yo‘lni tanlashga to‘g‘ri keladi. Aholi yashash punktlari atrofida 52ta ayiq aniqlangan. Shu tufayli qiladigan ishlarimiz ko‘p», – deya qo‘shimcha qilgan Musin.

Ayni vaqtda hududda istiqomat qiluvchi kishilar uylaridan chiqishmayapti. Ota-onalar bolalarni maktablarga va bog‘chalarga jo‘natishmayapti.

Hokimiyat vakillarining qayd etishicha, ayiqlarning qishloq tomon yurishi kuzatilgan ilk kundayoq zarur choralar ko‘rilgan, ammo hozircha bu choralar samara bermagan. Ayiqlar tovushli signallarga e'tibor ham qilishmayapti, patrul avtomobillari va itlar yordamida quvib yuborish tadbirlari ham ish bermagan.

Shu bilan birgalikda, Rosprirodnadzor jonivorlarni otishga ruxsat bermayapti.

Oq ayiq yer yuzidagi quruqlikda yashovchi eng yirik yirtqich hayvon hisoblanadi. Oq ayiqlar populyatsiyasi inson omili (brakonerlik) va iqlim o‘zgarishi oqibatida xavf ostida qolgan. Rossiyada bu jonivorlarni ov qilish qat'iy taqiqlangan.

Mavzuga oid