Yashash uchun noqulay joy bo‘lgani uchun ham Grenlandiya aholisida stress darajasi yuqori ekani aytiladi. Shu bilan birga, mamlakatda o‘z joniga qasd qilish darajasi ham baland. Biroq grenlandiyaliklar tabiatga moslashib, undan ruhiyatni davolovchi, sog‘aytiruvchi vosita sifatida foydalanishni o‘rganib olgan.

Grenlandiyaning 80 foiz hududini muzliklar egallagan. Kiattua lageri Grenlandiya poytaxti Nuukdan qayiqda 2 soatlik uzoqlikda joylashgan. Mamlakatga borgan sayyohlar Kiattuaga tashrif buyurmasdan qaytmaydi. Aeroportdan tushish bilan o‘pka toza havo bilan to‘ladi. Oxiri ko‘rinmaydigan muzliklar esa sizga o‘z muammolaringiz haqida o‘ylashga imkon bermaydi. Kiattuada sizni muz ustida qurilgan chodir, issiq vanna va ochiq havoda tayyorlanayotgan ovqatlar kutib turadi.



Keyin tabiatni kashf qilish uchun Janubiy Grenlandiyada Tasermiut lageriga yo‘l olsangiz bo‘ladi. Tog‘lar bilan o‘rab olingan bu hududda baliq ovlash, baydarkada yoki piyoda sayr qilish mumkin. Bu yerda eng asosiy e’tibor tabiatdan ruh uchun dori sifatida foydalanishga qaratilgan. 1 million yil oldin yog‘gan qor ostidagi 3 kilometr qalinlikdagi muz ustida tun o‘tkazish, tez-tez bo‘ladigan bo‘ronli dengiz to‘lqinlari, quruqlikdagi yirtqich qutb ayig‘ini ko‘rish o‘ziga xos tabiat hodisasi hisoblanadi.

Grenladiya tabiatining kengliklari tashqi olam bilan munosabatingizni o‘zgartiradi. Har narsa tabiatga bog‘liqligini va undan qochib ketolmasligingizni his qilasiz. Masalan, to‘satdan parvozlar bekor qilinadi, kuchli shamol tufayli qayiqlar suza olmaydi va hatto ov mavsumi bo‘lgani uchun yaxshi ob-havo sharoitida ham gidlar ishlamasligi mumkin. Jamiyat ehtiyojlari tabiatga moslashishga majbur.













