O‘zbekiston | 15:30 / 15.02.2019
38547
3 daqiqa o‘qiladi

Erkinjon Turdimov Samarqandda qurilish sohasidagi korrupsiya haqida gapirdi

Samarqand viloyat hokimligida qurilish ishlari bilan bog‘liq yig‘ilishi o‘tkazildi. «Zarnews» xabariga ko‘ra, yig‘ilishi chog‘ida bundan keyin shaharda qurilish bilan bog‘liq jarayonlar oshkora amalga oshirilishi haqida ma'lum qilingan.

Yig‘ilishga hokimlik mutasaddilari, arxitektorlar, quruvchilar, shuningdek, deputatlar, OAV xodimlari, faol ziyolilar taklif etildi.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov yig‘ilganlarni Samarqand shahridagi qurilishlar bo‘yicha respublika prokuraturasi ishchi guruhi taqdim etgan ma'lumotnoma bilan tanishtirdi.

Ma'lum bo‘lishicha, viloyat markazidagi 141ta obektda yer ajratish, qurilish tartib-qoidasi va texnologiyalari buzilgan. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etishga mutaxassislar bilan bir qatorda keng jamoatchilikni jalb etishga kelishib olingan.

«Qurilishdagi pinhona kelishuvlar, hujjatlardagi soxtaliklar, tender tanlovlari yopiqligi sohadagi qonun buzilishlari hamda korrupsiyaga yo‘l ochgan. Ayniqsa, qadimiy shahardagi ayrim tarixiy meros obektlariga zarar yetgan. Bu holat UNESCO ma'muriyatining e'tiroziga sabab bo‘lgan», — degan viloyat hokimi.

Hokimning aytishicha, bundan keyin viloyatda, xususan, yer ustidagi ochiq muzey deb tan olingan Samarqand shahridagi barcha qurilish oshkora amalga oshiriladi. Obektlarning qurilishi, rejalashtirilishida jamoatchilik va aholi fikri hisobga olinadi. Qurilishdan shaxsiy manfaat ko‘rish uchun quruvchiga ham, ijro organi rahbarlariga ham, «o‘rtakash» tovlamachilarga ham yo‘l berilmaydi.

Deputatlar, jurnalistlar, umuman, ziyolilardan iborat targ‘ibot guruhi aholi o‘rtasida hamda OAV orqali yangi obektlar qurilishi bilan bog‘liq rejalarni tushuntiradi.

Ayrim mahallalarda eski uylar ko‘p, ba'zi mahallalarda kanilizatsiya yo‘q, hovlilar sel kelishi mumkin bo‘lgan suv yo‘llarida joylashgan. Tabiiyki, kelgusida bunday manzillarda rejali qurilishlar olib boramiz. Lekin har qanday sharoitda obida va binolar muhofazasi e'tiborda bo‘ladi.

Yig‘ilishda o‘rganilgan obektlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning iyulda Samarqand viloyatining sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayev qurilish kompaniyasidan pora olgani uchun qo‘lga olingandi.

Ma'lum bo‘lishicha, uning hokimligi davrida Samarqand viloyat hokimligida turar joylar qurish uchun ruxsatnoma berish, yer uchastkalarini taqsimlashda o‘ziga xos «stavka» joriy etilgan.

Tergov vaqtida u o‘ziga qo‘yilgan ayblarni tan olgan. Ayni vaqtga kelib, ushbu ish bo‘yicha tergov jarayoni yakunlangan va ish sudga oshirilgan.

Mavzuga oid