O‘zbekiston | 16:17 / 15.02.2019
4881
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya O‘zbekistondagi volfram va oltin konlarini o‘rganadi

Foto: O‘zatom

Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Alisher Sultonovning Turkiya energetika va tabiiy resurslar vaziri o‘rinbosari Mitxat Jansiz boshchiligidagi Turkiya delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zatom” agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda qator turk kompaniyalari bilan avval erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi, shuningdek, energetika sohasida hamkorlik loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha takliflar hamda energiya obektlar qurilishi, geologiya-qidiruv ishlari muhokama qilindi.

Bugungi kunda Turkiya kompaniyalari tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilishi istiqbolli bo‘lgan loyihalar, shu jumladan, bug‘li-gazli qurilmalar, quyoshli va shamol elektr stansiyalari qurilishi kabi yo‘nalishlardagi loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Ta'kidlash kerakki, ular tomonidan quyosh elektr stansiyasi va shamol parkini qurish bo‘yicha sinov loyihasini amalga oshirish, O‘zbekistonda aralash turdagi elektr stansiyalar qurilishi borasida loyihalarga qiziqish bildirilmoqda.

Bundan tashqari, foydali qazilmalar strategik turlarining aniqlangan konlarida, shu jumladan, Navoiy va Jizzax viloyatlaridagi volfram va oltin konlarida geologiya-qidiruv va qazish ishlarini olib borish masalasi ishlab chiqilmoqda.

2019 yil 13 fevral kuni tomonlar o‘rtasida Saritov, Xurob va Aydim-Yetimtov maydonlarida geologik o‘rganish va tajriba-sanoat usulida qazish ishlarini olib borish, Navoiy va Jizzax viloyatlarida volfram va oltinni topish bo‘yicha istiqbolli konlarni aniqlash bo‘yicha bitim imzolandi. Turkiya tomoni o‘z zimmasiga birinchi yili kamida 1,5 million dollar hajmida sarmoya kiritish bo‘yicha moliyaviy majburiyatlarni oldi.

Turkiya tomoni o‘zaro hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolanishini ijobiy baholadi hamda hamkorlikni kelgusida kengaytirishga qiziqish bildirildi. Xususan, Turkiyaning TRAO neft-gaz kompaniyasining O‘zbekiston neft-gaz tarmog‘i loyihalarida ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif qilindi. Shu bilan birga, qo‘shma loyihalar va O‘zbekistonga faol investitsiyalar kiritishni amalga oshirish uchun barcha zarur choralar ko‘rilishiga tayyorligi bildirildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid