Jamiyat | 15:19 / 15.02.2019
9259
3 daqiqa o‘qiladi

Xayriya natijasi: Ibratbekning operatsiyasi muvaffaqiyatli yakunlandi

Yaxshilik unutilmaydi. U inson qalbida mudom saqlanadi. Inson boshiga tushgan og‘ir kunlarida unga hamdard bo‘lish, og‘irini yengil qilib, yordam qo‘lini cho‘zish insoniylikning oliy darajalaridan biridir.

Yodingizda bo‘lsa Kun.uz saytida «Ibratbekning xasta yuragi yanvar oyida operatsiya qilinadi. U ko‘makka muhtoj» sarlavhali xayriya aksiyasi o‘tkazilgan edi.

Unda jajjigina Ibratbekka shifokorlar tomonidan yurak porogi tashxisi qo‘yilib, zudlik bilan operatsiya qilinishi maslahat berilgan. Lekin oila bu operatsiyaga moddiy tayyor emasligi sababli Ibratbekning onasi saxovatpesha xalqimizdan yordam so‘rab murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Siz azizlarning yordamingiz bilan kerakli mablag‘ yig‘ildi. Operatsiya muvaffaqiyatli yakunlandi. Hozirda Ibratbek o‘zini juda yaxshi his qilmoqda. Bundan quvonchi ichiga sig‘magan ota-onasi yordam qo‘lini cho‘zgan barcha yurtdoshlarimizga o‘z minnatdorchiligini bildirish maqsadida tahririyatimizga kelishdi. Ular bilan suhbatlashdik.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Albatta, dunyoda ona uchun o‘z farzandidan azizroq ne'mat bo‘lmasa kerak. Bugun Ibratbekdan ham onasi baxtliroq. Chunki yolg‘iz o‘g‘lining sog‘ayib ketishi hayotining mazmunidir. Ibratbekning onasi yurtdoshlarimizga chin yurakdan o‘z rahmatini aytib, ularni duo qilishini ta'kidladi.

Shu o‘rinda Kun.uz tahririyati ham xayriya aksiyasida ishtirok etib, bir oilaning quvonchiga sababchi bo‘lgan saxovatpesha vatandoshlarimizga o‘z minnatdorchiligini bildirib o‘tadi. Qilgan ehsonlaringiz Alloh dargohida qabul bo‘lib, ajr-savobini ko‘paytirib berishini yaratgandan biz ham so‘rab qolamiz. Savob ish qilishdan charchamang, aziz va saxovatpesha yurtdoshlar.


Hurmatli "UZCARD" kartochka egalari! "UZCARD" tizimi sizni ogohlantiradi!

Hech kimga va har qanday vaziyatda plastik kartangizga taalluqli ma'lumotlarni, ayniqsa telefon raqamingizga kiruvchi SMS xabarlarni (masalan, To'lovni tasdiqlash kodi: 123456. Kodni hech kimga bermang" yoki "Kod oplati. Nikomu ne soobshayte etot kod. 123456") oshkor qilmang. Sizga yordam pulini plastik kartochkasidan o‘tkazib berayotgan noma'lum shaxs telefon orqali murojaat qilib mobil telefoningizga kelib tushayotgan SMS — kodlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bilmoqchi bo‘layotganini sezgan bo‘lsangiz, bilingki ushbu shaxs firibgarlik yo‘li bilan kartochka hisob raqamingizdagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga urinmoqda. Agar karta hisob raqamingizdan pul mablag‘lari o‘g‘irlanayotganini sezgan bo‘lsangiz darhol kartochkangizni olgan bankingizga kartani bloklash uchun murojaat qilishingiz yoki ushbu amaliyotni bevosita o‘zingiz mobil yoki veb ilovada bajarishingiz mumkin.

Mavzuga oid