O‘zbekiston | 11:57 / 17.02.2019
12875
3 daqiqa o‘qiladi

Qurilish sohasi «soya»​dan chiqmoqda - Davlat statistika qo‘mitasi

Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasida jami 2486,3 mlrd. so‘m qiymatidagi qurilish ishlari bajarilgan bo‘lib, o‘sish sur'ati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 104,9 foizni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

Yirik pudrat tashkilotlari tomonidan jami qurilish ishlari hajmidan 398,2 mlrd.so‘m qurilish ishlari bajarilib, jami qurilish ishlari hajmidagi ularning ulushi 16,0 foizni, hamda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 112,2 foizni tashkil etdi.

Kichik korxonalar va mikrofirmalar hissasiga jami qurilish ishlari hajmining 53,7 foizi yoki 1334,5 mlrd.so‘m to‘g‘ri keldi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 111,7 foizni tashkil etdi, norasmiy sektor hissasiga esa 30,3 foiz yoki 753,6 mlrd.so‘m to‘g‘ri keldi. Norasmiy sektorning qurilish ishlaridagi ulushi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 90,8 foizni tashkil etdi. Ya'ni yirik pudratchi korxonalar, kichik korxona va mikrofirmalarning faoliyati o‘sish bilan, norasmiy sektorning qurilishdagi ulushi pasayib bormoqda.

2019 yil 1 yanvardan yangi Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati kuchga kirgandi. Unga muvofiq, YaTT tomonidan qurilish materiallari, sement, shifer, yog‘och va yog‘och mahsulotlari sotilishiga taqiq joriy etilgan.Shuningdek, ular alyuminiy (plastik) profildan eshik, deraza va boshqa buyumlar tayyorlash; vitraj ishlari bilan shug‘ullanishi taqiqlangan.

Davlat xizmatlari markazlari ro‘yxatdan chiqarilayotgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan YaTTga boshqa tashkiliy-huquqiy shakllarga qayta ro‘yxatdan o‘tishlarida ko‘maklashishi belgilangandi. Ko‘rinib turibdiki, statistika ma'lumotlarida bu aks etmoqda. 

Qo‘mita ma'lumotiga ko‘ra, iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha qurilish ishlarining asosiy qismi qurilish loyihalarini ishlab chiqish, turar joy va yashash uchun mo‘ljallangan binolar qurish hamda yashash uchun mo‘ljallanmagan binolarni qurish bo‘yicha amalga oshirilgan qurilish ishlaridan tashkil topdi.

Ularning ulushi jami qurilish ishlari hajmida 73,0 foizni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichga nisbatan 1,7 foiz punktga kamaydi.

Fuqarolik qurilishi obektlarini qurish bo‘yicha qurilish ishlari hajmi joriy davrda 12,6 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,4 foiz punktga ko‘paydi. Ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari hissasiga esa 14,4 foiz to‘g‘ri keldi va o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichga nisbatan 1,3 foiz punktga ko‘paydi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid