O‘zbekiston | 21:20 / 20.02.2019
30185
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident elektr energetikasi sohasidagi vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi

20 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasi tarmog‘ida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va sohani rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. 

«Elektr energetikasi iqtisodiyot rivoji, hayot sifatini ta'minlaydigan asosiy manbalardan biri. Bu tarmoqda qator kamchiliklar mavjudligi belgilangan islohotlarni samarali amalga oshirish va mamlakatimizni innovatsion rivojlantirishga xalaqit qilayotgan edi. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 fevraldagi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tashkil etildi. Unga elektr energetikasi hamda neft-gaz sohasidagi muammolarni bartaraf etish, iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat aholisini yoqilg‘i-energetika resurslari bilan barqaror ta'minlash bo‘yicha katta vakolatlar berildi. 2019 yilgi Investitsiya dasturiga elektr energiyasi tizimi bo‘yicha umumiy qiymati 8,1 milliard dollarlik 33ta loyiha kiritilgan. Bu yil qariyb 620 million dollar o‘zlashtirilib, 7ta yirik loyiha ishga tushirilishi belgilangan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Prezident ushbu investitsiya loyihalarini sifatli amalga oshirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar bergan.

Yig‘ilishda, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi «Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasidan Xorazm-Sarimoy punktigacha 220 kilovoltli elektr liniyalarini tortish», «Yuqori kuchlanishli podstansiyalarni modernizatsiya qilish», «To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasini qurish» loyihalarini amalga oshirish muddatlari kechikkani qayd etib o‘tilgan.

Shu bois Energetika vazirligi, «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyatiga xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘larini to‘liq o‘zlashtirish, loyihalarni o‘z vaqtida bajarib, mablag‘larni iqtisod qilish vazifalari qo‘yilgan. 

Elektr energiyasi quvvatlarini modernizatsiya qilish ishlari talab darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tilgan. Tarmoqda investitsiya siyosati noto‘g‘ri tashkil etilgani, ya'ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishga umuman e'tibor qaratilmagani tanqid qilingan. Buning oqibatida korxonalar qarz olish yoki loyihalarni o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirishga majbur bo‘layotgani qayd etilgan.

Davlat rahbari sohadagi muhim yo‘nalishlarni belgilab bergan. Xususan, davlat-xususiy sherikchilik asosida muqobil energetikani rivojlantirish, bunday loyihalarga chet el investitsiyalari jalb etish imkoniyati katta ekani ta'kidlangan.

Hozirda O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari qurish bo‘yicha Turkiyaning «Yildirim grup», Birlashgan Arab Amirliklarining «Mazdar» jamg‘armasi va Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan ish olib borilmoqda. 

Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi, «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyatiga umumiy qiymati 2,5 milliard dollarlik 13ta istiqbolli loyiha bo‘yicha xorijiy hamkorlarni aniqlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha manzilli «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish topshirilgan. Sohada davlat-xususiy sherikchilikni joriy etish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni keng jalb qilish uchun xususiy ishlab chiqaruvchilardan elektr energiyasini sotib olish tartibi va tariflarini belgilash zarurligi ta'kidlangan.

Shuningdek, debitor qarzdorlikni kamaytirish masalalariga ham e'tibor qaratilgan. 

Elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha mamlakatimizning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, Surxon-Puli-Xumri tarmog‘ini qurishni tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 1 fevraldagi qarorida «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyatini qayta tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlash belgilangan edi. Davlat rahbari bu qarorda ishlab chiqaruvchi – yetkazib beruvchi – taqsimlovchi vazifalardan kelib chiqib, korxonalarning funksiyalarini aniq ajratish, sohaga bozor munosabatlari, jumladan, davlat-xususiy sherikchilikni joriy etishga alohida e'tibor qaratish zarurligini ta'kidlagan. 

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari eshitilgan. 

Mavzuga oid