O‘zbekiston | 17:48 / 21.02.2019
4013
3 daqiqa o‘qiladi

Ekotizimda depozit xizmati yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda chiqindini qayta ishlashni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida depozit xizmatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ma'lumotiga tayanib Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Qo‘mita taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda asosiy chiqindi ajratadigan mahsulotlarning ishlab chiqaruvchilari kichik va ko‘p sonli korxonalar bo‘lgani uchun depozit xizmati mahsulot tannarxining ortib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Xorijda depozit xizmati yirik korxonalar tomonidan taqdim etiladi. Hozirda mazkur xizmatni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha Avstriya tajribasi o‘rganilmoqda. 

Ta'kidlanishicha, mahsulot chiqindisini yig‘ib olishning optimal, kamxarj yo‘llari ishlab chiqilgach, bizda ham depozit xizmati yo‘lga qo‘yilishi mumkin. 

O‘tgan yili noyabr oyida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan 10 yilga mo‘ljallangan​ «Maishiy chiqindilarni kompleks boshqarish» strategiyasi doirasida mamlakatda depozit tizimi yo‘lga qo‘yilishi haqida ma'lumot berilgan edi. 

«Maishiy chiqindi masalasini hal qilish uchkn dastlab uning hosil bo‘lishini kamaytirish kerak. Bunga ko‘ra, 40 mikrongacha bo‘lgan polietilen paketlarni ishlab chiqarish va import qilish taqiqlandi. Chunki ular utilizatsiya uchun yaroqsiz. Shuningdek, keyingi yili depozit tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan, ya'ni mahsulot ishlab chiqaruvchisi o‘z mahsulotining chiqindisini qabul qilib oladi va utilizatsiyasini ta'minlaydi», — degan edi qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Oybek Ahadjonov. 

Ma'lumot uchun, ekologiyada depozit xizmati mahsulot chiqindisining uni ishlab chiqaruvchi sub'yekt tomonidan yig‘ib olinishi va utilizatsiya (qayta ishlash) qilinishini anglatadi. Bu chiqindini ikkilamchi ishlash orqali xomashyoni tejash va chiqindidan oqilona foydalanish imkonini beradi.

Mavzuga oid