Jamiyat | 11:34 / 24.02.2019
11492
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand tumanida MIB xodimini haqorat qilgan fuqaroga sud jazosi tayinlandi

Majburiy ijro byurosining Samarqand tuman bo‘limi xodimlari Sh.Rizayev va D.Ibragimov Samarqand tumanidagi «Badal» mahallasida yashovchi fuqarolarning elektr energiyasi va tabiiy gaz iste'moli bo‘yicha xatlov o‘tkazib, jumladan, shu mahallada yashovchi fuqaro Z.J. ning xonadonidagi elektr hisoblagichni ko‘zdan kechirib, amalga oshirilgan to‘lovlar va hisoblagich ko‘rsatgichi o‘rtasida farqdan 374 ming so‘m qarzdorlikni aniqlashadi.

Davlat inspektori Sh.Rizayev xonadon egasi Z.J.dan ushbu qarzdorlikni bartaraf etishni so‘raganida, ichib olgan Z.J. qarzdorlikni bartaraf etish choralarini ko‘rish o‘rniga odob-axloq qoidalariga zid ravishda, o‘z xizmat burchini bajarayotgan Sh.Rizayevni har xil nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilib, uning sha'ni va qadr-qimmatini jamoat joyida tahqirlaydi. Sh.Rizayev esa mazkur holatni qo‘l telefonida videoga olib, hujjatlashtiradi.

Mazkur ish yuzasidan jinoyat ishi ochilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudining D.Nuraliyev raisligidagi ochiq sayyor sud majlisida sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari tinglandi. Chunonchi, Z.J. qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini va Sh.Rizayevdan kechirim so‘raganligi uchun uning boshqa da'vosi yo‘qligini bildirib, suddan yengillik berishni so‘radi.

Sud Z.J.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 140-moddasi 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi va unga har oylik ish haqining 20 foizini davlat hisobiga ushlab qolish sharti bilan, 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.

Mavzuga oid