Jamiyat | 14:53 / 25.02.2019
18945
3 daqiqa o‘qiladi

Vatan so‘zini ishlatmagan «o‘smaydi»mi? Adabiyotshunos olim jamiyatdagi illatlarni tanqid qildi

24 fevral kuni Toshkent shahridagi Book.uz savdo majmuasida taniqli adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Respublika yosh ijodkorlar kengashi tomonidan tashkillashtirilgan mazkur ijodiy tadbirda yozuvchi va shoirlar, bir guruh yoshlar, shuningdek, OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda Ibrohim Haqqul bugungi o‘zbek jamiyatida uchrayotgan illatlarni qattiq tanqid ostiga oldi. Xususan, adabiyotshunosning fikricha, jamiyatimizda yoshlarning erkin fikrlashi, jur'atiga daxl qilish, to‘sqinlik hamon davom etmoqda. 

«Odamlarimiz «Vatan» degan so‘zni eshitganda ensa qotiradigan bo‘lib qolishgan. Nega? Chunki, qachon televizor pultini bossangiz, vatan haqidagi balandparvoz gaplarni eshitasiz. Televideniyeda, gazetalarda, ommaviy tadbirlarning barchasida shunday, bir xil shablondagi gaplar. Eng achinarlisi, bularning hech biri yurakdan aytilayotgan gaplar emas. Kattalar yoshlarga «shu gapni gapirmasang o‘smaysan, medal ololmaysan», deyishyapti. Oqibatda yoshlar fikrsiz bo‘lib o‘syapti. Ular orasida sog‘lom raqobat, fikrlashuvni deyarli ko‘rmaysiz. Masalan, shu kabi yoshlarga salgina konstruktiv fikr bildirib ko‘ring-chi, ular o‘sha fikr egasiga tezda dushman ko‘zi bilan qaray boshlashadi, uning ildizini quritishga urinadi. Afsuski, ularning ko‘pchiligini endi o‘zgartirib bo‘lmaydi.

Bu ishlarni zudlik bilan to‘xtatish kerak, aks holda yoshlarimizni boy berib qo‘yamiz. Ularni bunday fikrsizlik bilan o‘stirish yaxshilikka olib bormaydi», deya yozuvchining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Ibrohim Haqqul fikrsiz odam hech kimga vafo qilmasligi, bugun bir kishi haqida madh kuylasa, ertaga boshqa bir ikkinchi kishiga tahsin o‘qishini ta'kidlab o‘tdi.

«Yoshlar ongida fikrlashdagi qo‘rquvni yo‘qotaylik», deya qo‘shimcha qiladi u.

Mavzuga oid