Jahon | 08:00 / 26.02.2019
10426
1 daqiqa o‘qiladi

Eron tashqi ishlar vaziri iste'foga chiqmoqda

Foto: AP Photo/Pavel Golovkin

Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif iste'foga chiqishini ma'lum qildi. Zarif bu haqda 25 fevralda Instagram’da yozgan.

“Qadrli va jasur Eron xalqi va hukumatining oxirgi 67 oydagi olijanobligi uchun katta rahmat. Men xizmatni davom ettira olmasligim va faoliyatim davomidagi kamchiliklar uchun uzr so‘rayman. Baxtli va munosib bo‘ling”, deb yozgan Zarif.

Eron tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Abbos Musaviy Zarifning iste'fosi sabablari haqida ma'lumotga ega emasligini aytgan va vazirning Instagram’dagi sahifasi unga tegishli ekani hamda xakerlik hujumiga uchramaganini tasdiqlagan.

Eron prezidenti ma'muriyatida ma'lum qilinishicha, prezident Hasan Ruhoniy Zarifning iste'fosini hali qabul qilmagan.

Javod Zarif Eron tashqi ishlar vazirligiga 2013 yildan beri rahbarlik qilib keladi. Aynan u 2015 yilda Barak Obama prezidentligi vaqtida yadroviy bitimni imzolagan.

Mavzuga oid