O‘zbekiston | 16:23 / 26.02.2019
10517
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekkonsert» qiziqchilar ijodiy klubini tashkil etishni taklif etmoqda

26 fevral kuni Toshkentdagi «Turkiston» saroyining majlislar zalida «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan «Badiiy so‘z san'ati va sahna mas'uliyati» mavzusida davra suhbatida ustoz san'atkorlari boshchiligida qiziqchilar ijodiy klubini tashkil etish taklif etildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Har bir qiziqchining namoyishidan bir kun avval, hammamiz yig‘ilib, dasturni ko‘rib chiqsak, o‘zimizning do‘stona taklifimizni bersak, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bu senzura emas. Hech narsani olib tashlamaymiz. Faqat har bir gapni aytishning qog‘ozga o‘ralgan, o‘zbekona uslubini maslahatlashamiz», – deya taklifni qo‘llab quvvatladi so‘z ustasi Zokir Ochildiyev.

Foto: O‘zbekkonsert davlat muassasasi

Tadbir ishtirokchilari joriy yilning 15 mart kuni yig‘ilish bo‘lib, klubning tashkil etilish tartibi, nizomi ko‘rib chiqishga kelishib olishdi.

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Milliy g‘oya va mafkura tadqiqotlarini tashkil qilish bo‘lim boshlig‘i Ergash Daminov esa alohida ekspertlar guruhini tashkil etishni taklif etmoqda.

Daminovning aytishicha, qiziqchilik san'ati so‘z ustalari namoyishlarini nazorat qilish uchun Ma'naviyat va ma'rifat markazi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakillarini jalb etgan holda ekspertlar guruhini tashkillashtirish ijobiy o‘zgarishlarga olib keladi.

«Yosh avlod o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilganda ularning aksariyati sizlarni ideal sifatida ko‘rishlarini ta'kidlashdi. Ideal bo‘lish oson emas, shunga munosib bo‘ling. Odamlar sizga talpinadi axir», – deydi u.

Avvalroq, shu yig‘ilish ishtirokchisi qiziqchilik san'ati ustalariga ssenariy yozishda hamkorlikni taklif etgani xabar berilgandi.

YouTube

Tas-IX

Mavzuga oid