Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
So‘z ustalari bachkana va fahsh harakatlari bilan ommaning g‘ashiga tegmoqda – rasmiy bayonot
Estrada san'ati sohasida faoliyat yuritayotgan ijodkorlar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berilayotganiga qaramay, qiziqchilik san'ati, aksar so‘z ustalarida talabchanlik yo‘qolib, bachkana, fahsh xatti-harakat, bema'ni haqoratomuz so‘zlar bilan keng ommaning g‘ashiga tegish holatlari kuzatilmoqda, deb bayonot bermoqda «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi rahbariyati.
Bugun, 26 fevral kuni «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan «Turkiston» san'at saroyining majlislar zalida «Badiiy so‘z san'ati va sahna mas'uliyati» mavzusida davra suhbati o‘tkazilmoqda. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, davra suhbatining asosiy mavzusi sifatida bugungi kunda sahnaga chiqayotgan, o‘zini so‘z ustasi sifatida tanishtirayotgan yoshlar masalasi ko‘rilmoqda.

«Qiziqchilar jamiyatdagi muammolarni, kamchiliklarni satirik janrda, badiiy san'at darajasida ochib berishlari lozim. Ammo bugungi kunda ayrim qiziqchilar maishiy mavzular orasida o‘ralashib qolayotgani achinarli holdir», – deyiladi «O‘zbekkonsert» bayonotda.
Ma'lumki, o‘zbek so‘z san'ati o‘zining Yusufjon qiziq, Muhiddin Darveshov, Soyib Xo‘jayev, Ergash Karimov, Rustam Hamroqulov kabi zabardast vakillariga ega. Ularning munosib davomchisi sifatida ko‘riladigan Hojiboy qiziqning «xalqdan olib, xalqqa taqdim etish» uslubi ham shinavandalar uchun nihoyatda qiziqarliligicha qolmoqda.

Ammo bugungi kunda ko‘pchilik yoshlar bu an'analarga zid ravishda, arzon va oson kulgi ortidan quvib, sahnada maishiy mavzulardan orta olmayotganlari, fahsh atrofidagi gaplar, haqoratomuz so‘zlarni ko‘pchilik oldida uyalmay so‘zlayotganligi achinarli ekanligi qayd etilmoqda.
«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan o‘tkazilayotgan «Badiiy so‘z san'ati va sahna mas'uliyati» mavzusida davra suhbati aynan mana shunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, o‘zbek so‘z san'atini sof holda saqlab qolishni ko‘zda tutgan.
Ma'lum qilinishicha, tadbir doirasida qator guruhlar va ijodkorlar masalasi alohida ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
So‘nggi paytlarda turli guruhlarning, jumladan BRAVO guruhining sahna chiqishlari, Halima Ibragimovaning ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar bilan «gap talashuvlari» jamoatchilik orasida qattiq e'tirozlarga sabab bo‘layotgandi.
Xususan Kun.uz saytida ham ijodkor Elmurod Ermatovning «Bravo»ni so‘kma! U aqli yetganini qo‘yadi. O‘zbek sahnasining egasi kim?» nomli maqolasi e'lon qilingan, unda guruhning sahna chiqishlari tanqid ostiga olingandi.
YouTube
Tas-IX