O‘zbekiston | 10:14 / 27.02.2019
3983
2 daqiqa o‘qiladi

Ilhom Ne'matov Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

Foto: mfa.gov.kz

2019 yilning 26 fevral kuni Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundida ishtirok etish uchun Ostona shahriga borgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Beybut Atamqulov bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Avvalo, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning 2019 yil aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi belgilangan Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Ikkinchi maslahat uchrashuvidagi ishtirokining amaliy jihatlari to‘g‘risida so‘z bordi, deyiladi TIV xabarida.

Shuningdek, 2018 yilda yakuniga yetgan «Qozog‘istonda O‘zbekiston yili»ning mantiqiy davomi bo‘lmish «O‘zbekistonda Qozog‘iston yili»ni o‘tkazish dasturi loyihasi bo‘yisha ham fikr almashilgan.

Qozog‘iston TIV rahbarining qayd etishicha, ikki davlat prezidentlarining siyosiy irodasi tufayli ikki tomonlama munosabatlar yuqori darajaga chiqdi va barqaror rivojlanish tusini olmoqda. Vazir tomonidan mamlakatlar o‘rtasida barcha sohalarda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish uchun yirik imkoniyatlar mavjudligi ta'kidlandi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligining boshqa masalalari ham ko‘rib chiqilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilhom Ne'matov Ostonada qurilayotgan O‘zbekiston elchixonasi binolarini borib ko‘rgandi.

Mavzuga oid