Sport | 13:10 / 03.03.2019
11166
8 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy London derbisi: Keyn rekordchi, Obameyang antiqahramon

«Tottenhem» va «Arsenal» o‘rtasidagi navbatdagi derbi uchrashuvi ham hissiyotlarga boy kechdi. O‘yin 1:1 hisobida Maurisio Pochettino jamoasi foydasiga hal bo‘ldi.

«Tottenhem Hotspur» - «Arsenal» - 1:1 (0:1)
Gollar: Remzi, 16 (0:1). Keyn, 74 - penalti (1:1). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Obameyang, 90 (darvozabon)
«Tottenhem Hotspur»: Lloris, Fertongen, Alderveyreld, Rouz, Tripper, Sanches, Sissoko, Vanyama (Lamela, 59), Eriksen, Son Xin Min (Lorente, 79), Keyn.
«Arsenal»: Leno, Monreal, Papastatopulos, Mustafi, Koselni, Remzi (O‘zil, 72), Mxitaryan, Chaka, Genduzi (Torreyra, 46), Lyakazett (Obameyang, 56), Ivobi.
Ogohlantirishlar: Mxitaryan, 58. Lamela, 63. Rouz, 69. Chaka, 74. Lorente, 84. 
Chetlatish: Torreyra, 90+5. 
Hakam: Teylor.
2 mart. London. «Uembli» stadioni.

Ferdinandning noroziligi
2017 yilning bahorida «Tottenhem» o‘z muxlislarini xursand qilgandi: 22 yillik tanaffusdan keyin «shporlar» turnir jadvalida «Arsenal»dan yuqorida joylashadi. Bir yil o‘tib «kanonirlar» yana prinsipial raqibni o‘zidan yuqorida ko‘rishga majbur bo‘ldi. Ko‘rinishidan, ketma-ket uchinchi yil ham shunday bo‘ladigandek edi. Ammo navbatdagi Shimoliy London derbisi arafasida vaziyat 180 daraja o‘zgardi. Keynning qaytishiga qaramasdan, Maurisio Pochettino jamoasi ketma-ket ikki o‘yinda «Byornli» va «Chelsi»ga mag‘lub bo‘ldi, «Arsenal» bilan oradagi farq 10 ochkodan 4 ochkoga qisqardi. Bu ikki turda ishonchli g‘alabalarga erishgan «Arsenal» endi «Tottenhem»ni nishonga olgandi. Endigina sog‘ayib safga qaytgan armanistonlik yarimhimoyachi Genrix Mxitaryan bu o‘yinlarda «kanonirlar»ning asosiy futbolchisiga aylandi: «Sauthempton» (2:0) va «Bornmut» (5:1) bilan o‘yinlarda u 2ta gol urib, 3 golga uzatma berdi. Buning evaziga u derbi uchrashuvida ham asosiy tarkibdan o‘rin oldi, lekin boshlang‘ich tarkibda London derbilaridagi eng yaxshi snayperga aylanib borayotgan Obameyangga joy topilmadi. «Eng yaxshi futbolchilar zaxira o‘rindig‘ida qoldi!», deya noroziligini bildirdi Rio Ferdinand Emeri Obameyang va Torreyrani zaxirada qoldirgan Emerini «Tottenhem» foydasiga qaror chiqarishda ayblab.

Sanchesning xatosi
Qiziq, agar o‘yinning 3-daqiqasidayoq boshlang‘ich tarkibda tushgan Lyakazett aniqroq harakat qilganida Ferdinand nima degan bo‘lardi? Ammo himoyachilarning ortida paydo bo‘lib, darvoza tomon zarba bergan fransuz hujumchisi biroz noaniq harakat qildi. Lekin «kanonirlar»ning o‘yin boshidagi faolligi baribir natija keltirdi. Maydon markazida Davinson Sanches bolalarcha xatoga yo‘l qo‘ydi va Lyakazett maydonning ikkinchi qismida turib Remzini Loris bilan birga-bir vaziyatga chiqardi, uelslik futbolchi «ofsayd qopqoni»ga tushmadi va avval darvozabonni emaklatib keyin to‘pni bo‘sh qolgan darvozaga yumalatib yubordi.

Pochettino esa dambadam yordamchi hakam bilan bahslashib, o‘z futbolchilariga qilinayotgan follarga jazo berilmayotganidan norozilik bildirdi. Hakam Harri Keynning bosh bilan urgan golini hisobga olmadi, chunki hujumchi bu vaqtda o‘yindan tashqari holatda edi.

Darvozabonlardan seyvlar va hakamdan bahsli penaltilar

O‘tkazib yuborilgan goldan keyin «Tottenhem» mehmonlarni himoyalanishga majburladi. Birinchi bo‘limda mezbonlar to‘pga egalik qilish bo‘yicha yaqqol ustunlikka erishishdi. Lekin xavfli vaziyatlar «Arsenal»da bo‘ldi. Bir epizodda Ivobining uzoq burchakka yo‘llagan aniq zarbasini Loris barmoqlarining uchlari bilan to‘sishga ulgurdi. Keyinroq Leno darvozasi oldida ham chiroyli vaziyatlar yuzaga keldi. Germaniyalik darvozabon bir necha soniya farqi bilan ikki marta kuchli zarbalarni qaytardi. Avvaliga pleymeykerlik vazifasini zimmasiga olgan Keyin to‘pni himoyachilar ortiga tashlab berdi, ammo Eriksen birga-bir vaziyatda gol urolmadi, qaytgan to‘pga Sissoko yetib keldi, ammo Leno yana qahramonlik ko‘rsatdi.

Ikkinchi bo‘limni «Arsenal» Torreyra bilan boshladi. Ikkinchi bo‘lim ham Lyakazettning qulay vaziyatda tushunarsiz xatosi bilan boshlandi va murabbiy uni tezda maydondan olib, Obameyangni o‘yinga tashladi.

Emeri ikkinchi bo‘limda kuchli zaxira o‘rindig‘idan foydalandi. O‘yinning muhim pallalari yaqinlashayotgan vaqtda Remzi o‘rniga O‘zil tushirildi. Ammo kadrlar almashinuvi o‘yinga jiddiy ta'sir ko‘rsata olmadi. 75-daqiqada jarima zarbasi amalga oshirilgan vaqtda Mustafi Harri Keynni turtib yuborgani uchun hakam penalti belgiladi.

Ammo suratlarda ko‘rish mumkinki, to‘p uzatilgan vaqtda Harri ofsaydda qolgandi. Hakam baribir 11 metrli jarima nuqtasini ko‘rsatdi va «jabrlanuvchi»ning o‘zi zarbani aniq ijro etdi - 1:1. Keyn endi 10ta gol bilan APL doirasidagi Shimoliy London derbilaridagi eng yaxshi to‘purarga aylandi.

O‘yin oxirida Entoni Teylor «qarzini qaytarishga» qaror qildi va mezbonlar jarima maydoni hududida Sanches Obameyangni yiqitdi, deb hisoblab «nuqta»ni ko‘rsatdi. Ammo gabonlik hujumchi to‘pni Lorisning qo‘llariga tashlab berdi. Obameyang o‘yin antiqahramoni.

O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarning beshinchisi o‘tib borayotgan vaqtda Lukas Torreyra Denni Rouzga ishlatgan qo‘polligi uchun qizil kartochka olib, maydonni tark etdi.

London derbisi durang hisobda yakunlandi, bu shu kuni tug‘ilgan kunini nishonlagan Pochettino (u «Arsenal»ga qarshi o‘yinlaridagi mag‘lubiyatsiz seriyasini saqlab qoldi) va Tobi Alderveyreld uchun yupanch bo‘ldi. Ammo bu durang ko‘proq «Liverpul» va «Manchester Siti»ni xursand qildi. Endi Angliya chempionligi uchun da'vogarlar ikkita qoldi. «Arsenal» esa keyingi turda «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘ta muhim o‘yinda maydonga tushadi, bu o‘yin ikki jamoaning Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun o‘zaro kurashi bo‘ladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid