Sport | 16:21 / 04.03.2019
7461
3 daqiqa o‘qiladi

Hukumat qarori: sport sohasida DXSh rivojlantiriladi

Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish. davlat mulki bo‘lgan bo‘sh turgan sport obektlaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda sport inshootlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va trener kadrlarni rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish maqsadida qabul qilindi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Qurilish vazirligi. Moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining:

davlat mulki bo‘lgan bo‘sh turgan sport obektlarini investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan belgilangan tartibda xususiy investorlarga berish;

xususiy sherikning mulki negizida tashkil qilingan sport obektlarining holatini yaxshilashga ko‘maklashishni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Belgilanishicha:

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat-xususiy sheriklik loyihalarida davlat sherigi hisoblanadi;

davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlar natijalariga ko‘ra tuziladi.

Nizomga muvofiq, davlat-xususiy sheriklik quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:

nodavlat sport inshootlarini qurish va foydalanish uchun yerni bepul berish (30 yilga);

davlat sport inshootlarining foydalanilmayotgan qismini bepul foydalanish uchun xususiy sheriklarga o‘tkazish (30 yilga);

mavjud davlat sport inshootlarini qayta qurish va jihozlash (30 yilga);

keyinchalik beg‘araz yordam ko‘rsatish sharti bilan sport inshootlarini qurish uchun yerni bepul berish (20 yil va undan ortiq davrga);

konsessiya asosida qurish, qayta qurish va jihozlash uchun yer yoki bino ajratish;

xususiy sport inshootlarini moddiy-texnik va moliyaviy ta'minlash.

Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlarni tuzish bo‘yicha 5 kishilik tanlovlarni o‘tkazish komissiyasi tuziladi.

Tanlov boshlanishidan 30 kun oldin Internet tarmog‘ida va rasmiy saytlarda bu haqda e'lon beriladi.

Tanlovda qatnashmoqchi bo‘lganlar komissiyaga ariza beradi.

Ariza 10 kunda komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Kamida ikki ishtirokchidan tanlovda ishtirok etish uchun arizalar kelib tushganda, tanlov o‘tkaziladi.

Eng maqbul taklif egasi tanlov g‘olibi deb topiladi va u bilan bitim tuziladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid