Jahon | 11:58 / 05.03.2019
8600
2 daqiqa o‘qiladi

Xillari Klinton prezidentlikka nomzodini qo‘yishdan bosh tortdi

Foto: Jewel Samad/AFP/Getty Images

AQSh prezidentligiga Demokratik partiyadan sobiq nomzod Xillari Klintonning ma'lum qilishicha, kelgusi saylovlarda bu lavozimga o‘z nomzodini qo‘ymaydi. Bu haqda u News 12 telekanaliga intervyuda xabar berdi.

Klintonning so‘zlariga ko‘ra, saylov kampaniyasida ishtirok etishdan bosh tortganiga qaramasdan, u «ishlash, gapirish va o‘z pozitsiyasini himoya qilishda» davom etadi. Shuningdek, siyosatchi demokratlardan nomzodlarni faol qo‘llab-quvvatlash haqida va'da berib, ularning ko‘pchiligi bilan shaxsiy uchrashuvlar o‘tkazganini bildirdi.

Klinton qo‘shimcha qilishicha, siyosiy ishlardan tashqari, u yozuvchilik, advokatlik va nabiraning buvisi bo‘lishdek tinch hayotdan zavq olmoqda.

Avvalroq, Xillari Klinton 2020 yilgi saylov kampaniyasida ishtirok etishini istisno etmagandi. Uning ma'lum qilishicha, Demokratik partiya vakili Oq uyga kirib borishini ta'minlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi.

Ma'lumot uchun: AQSh prezidentligiga navbatdagi saylovlar 2020 yil 3 noyabrda bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Tramp Klintonni Rossiya bilan «til biriktirish»da ayblagandi.

Mavzuga oid