Jahon | 12:54 / 11.03.2019
9638
5 daqiqa o‘qiladi

«​Renessans Florensiyasi». Nega ishbilarmonlar Kremniy vodiysini tark etmoqda?

Foto: Shutterstock

​AQShning Kaliforniya shtati San-Fransisko shahridan uncha uzoq bo‘lmagan hudud «Silikon vodiysi» nomi bilan yuqori texnologiyalar ishlab chiqaruvchilarini o‘ziga jalb etib keldi.

Silikon, to‘g‘rirog‘i kremniy kimyoviy unsuri yarimo‘tkazgich va mikrosxemalarni tayyorlashda ko‘p ishlatilgani bois, jurnalist Don Xeflerning seriyali maqolalarda «Kremniy vodiysi» deb atalgan San-Fransisko, keyinchalik texnologik habning titul nomiga aylanadi

Yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi bo‘yicha Niderlandiya va Shveytsariyaga tenglashgan vodiy Apple, Alphabet va Facebook kabi yirik AT kompaniyalariga yurt bo‘ldi.

AQShdagi barcha venchur investitsiyalarining 1/3 qismi ham aynan shu hududda to‘plangan, vodiy sarmoyadorlar uchun eng jozibador makon bo‘lib ko‘rinadi. Bejiz uni Renessans Florensiyasi, deb atashmaydi.

The Economist jurnali ta'kidlaganidek, Kremniy vodiysi xaritadagi shunchaki nuqta emas, u, innovatsiya va ixtirolikka sinonim —​ g‘oya. Katta tajribaga ega muhandislar guruhi, venchur kapitali, Berkli va Stenford kabi kuchli universitetlar, madaniyat va gullab, yashnayotgan tadbirkorlik vodiyni o‘ziga xos hududga aylantirdi. Undan andoza olishga uringanlar ko‘p bo‘lgan, ammo ko‘pchilik eplay olmagan.

Ammo Renessans davri ham ko‘pga cho‘zilmaganidek, vodiyda muammolar paydo bo‘lmoqda. Unda uy-joy inqirozi tufayli yashash qiyinlashgan. Ijaraga xona olib yashash narxi kosmik darajada qimmatlashgan. Texnologiyalarga aloqador bo‘lmagan yo ishni endi boshlamoqchi bo‘lgan kishi oldida ikkita tanlov turibdi: arzonroq uy-joy topib ko‘chib ketish yo bor mablag‘ini uyga sarflash kerak. Xususiy uy sotib olish ko‘pchilik uchun uddalab bo‘lmas ish —​ 83 kv.m. maydonga ega xonadon 2,59 million dollarga baholanadi.

Kremniy vodiysini ko‘chirish mumkin emas, degan g‘oyaning o‘zi amalda isbotini yo‘qotmoqda. Masalan, 2017 yili Nyu-York 13 milliard dollar qiymatidagi startapni jalb etgan bo‘lsa, San-Fransisko 20 milliard dollarni tortib oldi. Tafovutdagi 7 milliard dollar katta summa bo‘lishiga qaramay, Nyu-York 2015 yildagi farqni ikki yil ichida ikki marta qisqartirishga erishdi.

London moliyaviy-texnologiya kompaniyalar markazi, Nyu-York esa texnomarkaz sifatida tan olinishi Kaliforniya shamoli dunyoning boshqa tomonlariga esib borganini anglatadi. 

Techcrunch ​xabariga ko‘ra, bir qancha startaplarga suyanch bo‘lgan Y Combinator​ jamg‘armasi Google joylashgan Manutin-Vyudan San-Fransiskoga ko‘chishini e'lon qilgan. Ungacha 9 yil vodiyda faoliyat olib borgan 500 Startups​ akseleratori ham ko‘chishga ulgurgan.

Kompaniyalarning Kremniydan ko‘chishi 2012 yilda boshlandi: Uber va Benchmark jamg‘armasi San-Fransiskoda vakolatxonalarini ochganda, hammasi ayon bo‘ldi. Ular ortidan Shasta Ventures, Norwest Venture Partners, Accel, General Catalyst ergashdi. Investor Piter Til Los-Anjyelesni tanladi, ammo uning qarori siyosiy motivlari tufayli qabul qilingandi. Negaki, u respublikachilardan biri sifatida demokratlar orasida o‘zini noqulay his etdi.

Piter Til
Foto: Wall Street Journal

«Ko‘chib o‘tish» trendi hanuz davom etmoqda: ​Khosla Ventures​ jamg‘armasi shtab-kvartira uchun shahardan joy izlayotganini bildirgan. 

Venchur fond va akselerator kompaniyalarning ko‘chib ketishi bir haqiqatni yaqqol ko‘rsatdi: omadga erishish uchun Kremniy vodiysiga bog‘lanib qolish kerak emas.

Vodiyning boshqa muammosi —​ startaplar boshqa lokatsiyalarda ham ish boshlashga ishtiyoqmand. Facebook'da o‘rtacha maosh 240 ming dollar, Google xodimlari o‘rtacha maoshi esa 197 ming dollarni tashkil etadi. Katta bo‘lmagan loyihalar ustida ish boshlash uchun kompaniya muhandis va mutaxassislarni jalb etishda moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

The New York Times maqolasida bayon qilinishicha, xuddi shunday iqtidorga ega muhandislar uchun Kremniydan tashqarida 50 ming dollar atrofida ish haqi beriladi. Kompaniya esa vodiyda qimmat ijara va data-hosting xarajatlarini ham qoplashi kerak.

Xulosa qilib aytganda, Kremniy atrofi ham texnologiyalar markazi sifatida o‘sib bormoqda, eng asosiysi —​ unga raqobatbardosh shaharlar ham vodiyni quvib o‘tishni istagida rivojlanishni jadallashtirmoqda. Bu esa kompaniyalar uchun yangi imkoniyat, degani.

Mavzuga oid