Jahon | 19:50 / 25.03.2019
28927
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda yana uchta shahar nomini o‘zgartirish taklif etildi 

Qozog‘istonning “Aq jol” partiyasi vakili mamlakatdagi yana uchta shahar nomini o‘zgartirish taklifini bildirdi. Jumladan, bu tashabbusni partiya raisi o‘rinbosari Kazbek Isa ham aytib o‘tgan.
  
Taklifga ko‘ra, Semey, Pavlodar va Petropavlovsk shaharlari Qozog‘istonning buyuk tarixiy shaxslari sharafiga qayta nomlanishi kerak.

“Petropavlovskni xon Abilay ismi bilan, Pavlodarni mustaqillik uchun kurashgan Kenesar ismi bilan, Semeyni esa Alixan Bukayxanov ismi bilan nomlash kerak. Biz shunday tarzda davom ettirishimiz lozim”, deb aytgan Isa “Qozog‘iston-2050” demokratik kuchlari umummilliy koalitsiyasining poytaxt Ostonaning qayta nomlanishini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan yig‘ilishida. 

Isa ushbu taklif shaxsan u tomondan bildirilayotganiga e'tibor qaratgan.

“Bu mening shaxsiy taklifim, keyinroq uni partiya fraksiyasi bilan yig‘ilishda ko‘rib chiqamiz”, deb aytgan Isa.

Qozog‘istonning yangi prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 22 mart kuni poytaxt Ostonani mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev sharafiga Nur-Sulton deb qayta nomlanishi haqidagi farmonni imzolagandi. Shunga ko‘ra, endi Ostona shahri Nur-Sulton deb ataladi.

Mavzuga oid