Jamiyat | 21:30 / 27.03.2019
28660
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zimizning mahalla: Samarqandcha kaleydoskop siri

Kun.uz «O‘zimizning mahalla» fotoloyihasini nafaqat O‘zbekistonning, balki dunyoning eng qadimiy shaharlaridan biri Samarqand shahridan davom ettiradi.

Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan shahar o‘z vaqtida So‘g‘diyona davlatida, xioniylar va kidariylar, eftallar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, mo‘g‘ullar sulolasi hukm surgan davrlarda markaziy shaharlardan bo‘lgan.

1970 yilda YuNESKO tashabbusi bilan Samarqand shahrining 2500 yilligi nishonlangan.

Turli sulola, hukmdorlar, jang va vayronagarchiliklarni boshdan kechirgan shahar Amir Temur imperiyasining poytaxti sifatida har tomonlama qayta shakllantirilgan.

Shahar qiyofasi turli davlatlar, sulolalar hukmronlik qilgan davr talabi, me'morchilik an'analari ta'sirida madaniyatlarning rang-barang landshafti sifatida shakllangan.

Bugun Samarqandga ham ko‘pqavatli turarjoylar, turli-tuman reklama bannerlari, umumrespublika miqyosida qat'iy qolip tartibida ekilayotgan archalaru, sariq, pushti ranglarga bo‘yalayotgan devorlar, binolar kirib kelmoqda.

Shaharning o‘ziga xos, unikal qiyofasi esa parvarish va e'tiborga muhtoj.

Bu gal Kun.uz muxbiri Samarqand shahrining Eski Shahar deya ataladigan qismi - Toshkent, Imom al-Buxoriy, Bibixonim, Chorraha, Dahbed, Qo‘shhovuz, 8 mart, Hujum ko‘chalari o‘tgan hududda bo‘ldi.

Samadovlar va Najmiddinovlar oilasi vakillarining aytishicha, bu xonadonlardagi shift va peshtoqlar bir yarim asrlik tarixga ega, YuNESKO himoyasida. 

Ma'lumot uchun, YuNeSKO ro‘yxatiga O‘zbekistondan 4 me'moriy majmua kiritilgan. Ular orasida Samarqand tarixiy markazi ham bor.

Xonadonlar bo‘ylab yo‘l ko‘rsatarkan, yoshi 50 yosh chamasidagi samarqandlik kishilar shaharning bu qismidagi xonadonlar buzilish yoki buzilmasligi haqida takror va takror so‘radi.

Afsuski, bu holatdan Samarqand shahridagi ko‘plab tarixiy me'moriy obidalar, xonadonlar himoya ostiga olingan yoki yo‘qligi, restavratsiya qilinishi borasida aniq ma'lumotlar tanqisligini sezish mumkin. 

«Xo‘ja Zudmurod» masjidi biqinidagi novvoyxonaning egasi so‘zlariga ko‘ra bu joy 10-15 yil oldin mutlaqo qarovsiz yotgan. Tozalab, ta'mirlab shu holga keltirishgan. 

Qarovsiz qolgan va ta'mirtalab eski binolarni muzey yoki loft uslubidagi kovorking markazlari, qahvaxonalarga aylantirish, ularga ikkinchi hayot taqdim etish mumkin. 

Shaharda varraklar mavsumi boshlangan

Samarqand shahri jozibali g‘ilofga ega kaleydoskopga o‘xshaydi. Unga faqat tashqi tomondan - mehmonlarga ko‘rsatiladigan go‘zalligi uchun maftun bo‘lish bir yon, kaleydoskopning ichidagi sirli va rangin naqshlar bir yon. Samarqandning biz ko‘rmagan, bilmagan zeblari bisyor.

Shaharning tarixiy mahallalari, e'tibordan chetda qolayotgan go‘shalarini qayta kashf qilish uchun mohir zargar nigohi zarur.

Afsuski, bugun na shaharning tarixidan, na uning me'moriy kompozitsiyasidan xabardor bo‘lgan «restavrator»lar necha ming yillik tarix ruhini aks ettirgan binolarni o‘z qarichlari darajasida o‘lchab qaror qabul qilmoqda. 

Umid qilamizki, Samarqand mahallalarining e'tibor va ta'mirtalab imoratlarining asl qiyofasi soxtalik va alyukobond bilan to‘silmaydi.

Bizni kuting. Biz «O‘zimizning mahalla» doirasida sizning ham tarixiy mahallangizga boramiz.

Mirzayor Erkinov

Mavzuga oid