Jamiyat | 16:07 / 29.03.2019
44753
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Jizzaxdagi tuyachilik fermasida oq bo‘taloqlar dunyoga keldi

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani «Oltinsoy» SIU hududidagi «Turdibek» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi dehqonchilik va chorvachilikdan tashqari tuyachilik bilan shug‘ullanadi. Ayni vaqtda bu fermerlikda 60ga yaqin tuya boqilmoqda.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, ushbu fermer xo‘jaligida oq tusli ikki bo‘taloq dunyoga keldi.

«Rostini aytsam, o‘zim ham ularning bu darajada oppoq bo‘lishini tasavvur qilmagan ekanman. Oq tuyalar juda kamyob hisoblanib, yer yuzidagi tuyalarning atigi 3 foizini tashkil etar ekan. Qadimda oq tuyalardan faqatgina aslzodalar va ularning oila a'zolari foydalangan. Eng asosiysi, oq tuyalar og‘ir va qora ishlarga sira jalb etilmagan. Shuning bilan bir qatorda, ular oddiy tuyalardan farqli ravishda ancha qimmat narxda baholanadi. Oq bo‘taloqning tug‘ilishi ramziy tarzda biz uchun baraka va omadning kelishi deb hisoblayman. Qadimdan oq bo‘taloqlar tug‘ilishi xosiyatli hisoblangan.

Bu yerda turistlar uchun sharoitlar yaratmoqchimiz. Tashrif buyuruvchilar nafaqat shifo topishadi, balki bemalol ferma hududini aylanib, tomosha qilishlari, bu yerda bir necha kun dam olishlari ham mumkin. Niyatlarimiz katta, bu yerga kelgan har bir mehmon olam olam zavq olsin», deydi  fermer xo‘jaligi rahbari Abdukarim Xolmatov.

 

Mavzuga oid