Jamiyat | 08:56
882
1 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda bolalar uchun xavfli o‘yinchoqlar aniqlandi

Jizzax shahridagi savdo nuqtalaridan birida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida Xitoyda ishlab chiqarilgan ayrim bolalar o‘yinchoqlari xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Shu munosabat bilan mahsulotlarni savdodan chiqarish va realizatsiyasini to‘xtatish choralari ko‘rildi.

Foto: Nazorat inspeksiyasi

Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Jizzax hududiy bo‘limi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda bir qator bolalar o‘yinchoqlaridan namunalar olinib, laboratoriya sinovlari o‘tkazildi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, ayrim mahsulotlarda o‘tkir hid mavjudligi, himoya qoplamasining namlikka chidamsizligi, mayda detallarning mustahkam biriktirilmagani, mexanik ta’sirga bardosh bermasligi hamda formaldegid miqdori belgilangan me’yorlardan yuqori ekani aniqlangan.

Mutaxassislar formaldegid bolalarning nafas yo‘llari, ko‘z va teriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, allergik reaksiyalarni kuchaytirishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Shuningdek, o‘yinchoqlardagi mayda qismlarning oson ajralishi bolalarning ularni yutib yuborishi yoki jarohat olishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu asosda savdo sub’yektlariga ogohlantirish xatlari yuborilib, mazkur mahsulotlarni sotuvdan chiqarish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid