Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jizzaxda mast holda yurgan YPX xodimi ishdan olindi
Kun.uz’ga murojaat qilgan fuqarolar xodimni mast holda avtomobil boshqarib ketayotganda ushlab, mastlik holatini aniqlash uchun shifoxonaga olib borishganini aytmoqda. Inspektor alkotester yordamida tekshirilganda uning mastligi ma’lum bo‘lgan.
Jizzaxda YPX xodimi xizmat formasida mast holda yurgani aniqlandi. Kun.uz’ga holatga aloqador videolavhalar kelib tushdi.

Ma’lum bo‘lishicha, holat mart oyida Forish tumanida sodir bo‘lgan. Bir nechta fuqaro YPX xodimini ushlab, uning mastligini aniqlash uchun shifoxonaga olib borgan.
Videolavhalarning birida YPX xodimi shifoxonaning orqa eshigidan chiqib, qochib ketgani ko‘rinadi. Biroq uni qayta ushlab kelishgan.


Shifoxonada shifokor “o‘zining so‘zidan spirtli ichimlik iste’mol qilgan”i haqida ma’lumotnoma yozib bergan.

Keyinchalik, xodim IIB bo‘limiga olib borilib, alkotesterda mastlik darajasi aniqlangan.


Kun.uz’ga murojaat qilgan fuqarolarga ko‘ra, YPX xodimi mast holda mashina boshqarib, YTH sodir qilgan. Ya’ni mashinasini orqaga harakatlantirayotganda ikkinchi bir avtomobilning old qismiga urilgan.
Kun.uz holatga aniqlik kiritish maqsadida, YHXX axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshev bilan bog‘landi. Uning ma’lum qilishicha, xodim ishdan bo‘shatilgan.
“Holat 28 mart kuni bo‘lgan. Xodim ishdan keyin spirtli ichimlik iste’mol qilgan. So‘ng mashinasiga o‘tirib, ketgan. Fuqarolar uning orqasidan quvib, xodimning mashinasiga urilgan. Xodim mashinasidan tushib, mahalla oralab qochgan. Bular esa uni ushlab kelgan.
Xodim rulda emasdim, demoqda. Uning rulda bo‘lganini isbotlovchi biror video yo‘q. Xizmat tekshiruvi xulosasi bilan ushbu xodim 19 aprelda ishdan bo‘shatilgan”, dedi Zoyir Yo‘ldoshev.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, hozirda fuqarolarning xodimga nisbatan harakatlarini prokuratura o‘rganmoqda.