Jamiyat | 11:55 / 30.03.2019
2920
4 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi aholini velosayrga chorladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, joriy yil 9 martda Yurish kuni, 16 martda Yurish bo‘yicha marafon kuni hamda 23 mart kuni mamlakatimizda “Salomatlik sari qadam” kuni o‘tkazildi. Ushbu ommaviy tadbirlar aholida sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishini oshirib, jismoniy faol bo‘lishga harakat qilishayotgani quvonarli.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Shundan kelib chiqqan holda, avval xabar qilganimizdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida joriy yilning 30 mart kuni, haftaning navbatdagi shanbasida yurtimizda “Velosipedda sayr kuni” o‘tkazildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Ma'lumki, inson organizmida katta zaxiralar mavjud. Ammo ularning mukammal ishlashi uchun sog‘lom turmush tarziga amal qilish va muntazam jismoniy faollik juda muhimdir. Velosipedda sayr qilish ham jismoniy faollikning yana bir qulay va zavqli turi hisoblanadi. Shuning uchun ham velosipedda sayr qilish dunyo aholisi orasida keng tarqalgan. Velosiped sayrining inson organizmiga foydali tomonlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, avvalo, tana a'zolarini “uyg‘otib”, mushaklarni faollashtiradi. Pedallarni aylantirishdagi ritmik harakatlar son, tos, boldir va umurtqa pog‘onasini mustahkamlaydi. Velosiped sayridan zavq olish uchun kam tezlikda, mo‘'tadil harakat qilish lozim.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

– Velosipedda sayr qilish yurak-qon tomir tizimini mustahakamlaydi, yurakning jismoniy zo‘riqishlarga chidamliligini oshiradi. Qon aylanishi va modda almashinuvining yaxshilanishiga olib keladi, – deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari El'mira Basitxonova. – Shu bois, doimiy velosipedda sayr qilish ko‘pgina kasalliklar, jumladan, yurakning ishemik xastaligi, infarkt va insultdan saqlanishga yordam beradi. Nafas olish ritmini rivojlantirishda ham velosayr muhim o‘rin tutadi. Tez va faol nafas olish hisobiga qonning kislorod bilan to‘yinishi oshadi, o‘pkada havo almashinuvini ta'minlovchi metabolik jarayonlar yaxshilanadi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Mutaxassislarning ma'lumotiga ko‘ra, tizimli harakatlar yog‘larning erishiga, ortiqcha suyuqlikdan qutulib, ortiqcha vazndan xalos bo‘lishga yordam beradi. Shuningdek, sog‘lom ozish jarayonida ham velosayrning ahamiyati beqiyos. E'tiborli jihati, velosayr baxt gormonlari miqdorini oshirishning ham qulay yo‘lidir. Bundan tashqari, velosayr uyquni yaxshilaydi, miya ishini faollashtirib, fikrlash qobiliyatini kuchaytiradi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etilgan ommaviy velosiped sayrida Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati, ixtisoslashtirilgan markazlar va klinikalar shifokorlari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari hamda kollej o‘qituvchi va talabalari, DSENM, statsionar va ambulator-poliklinika muassasalar xodimlari faol ishtirok etishdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid