13:00 / 02.04.2019
13446

Bosh prokuratura: qalbaki dori vositasining importi aniqlandi

Foto: Fotolia / cat_111

Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarini huquqiy himoyasini ta'minlash yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi “B” MChJ xorijiy korxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga import qilingan, Hindistonda ishlab chiqarilgan “KOMASTON” dori vositalari laboratoriya tekshiruvlari natijasiga ko‘ra qalbaki ekanligi aniqlangan.

Bosh prokuratura xabarida aytilishicha, laboratoriya tekshiruvlari natijasida dori vositasi tarkibida ko‘rsatilgan asosiy “Didrogesteron” ta'sir etuvchi moddasi mavjud emasligi ma'lum bo‘ldi.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruvda “B” MChJ xorijiy korxonasi mutaxassisi J.N. va boshqalar soxta hujjatlar tayyorlashib, 2018 yilda jami 115.538 ta “KOMASTON” vositasini dori sifatida rasmiylashtirishga va O‘zbekiston Respublikasiga import qilishga erishib, shundan, 76.538 tasini ichki bozorlarda 4.821 mln. so‘mga realizatsiya qilishganligi aniqlandi. Departament organlari tomonidan qalbaki “KOMASTON” dori vositalarining ichki bozorlarda noqonuniy muomalaga kiritilishining oldini olish choralari ko‘rilgan.                    

Mazkur holat yuzasidan “B” MChJ xorijiy korxonasi mutaxassisi J.N. va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top