O‘zbekiston | 16:50 / 03.04.2019
46161
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Yunusobod tumani sobiq hokimi ishi bo‘yicha sud bo‘lib o‘tmoqda

Foto: KUN.UZ

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sudlanuvchilar Baxtiyor Abdusamatov (Yunusobod tuman hokimi lavozimida ishlagan), O‘lmas Muxamedsaidov (vaqtincha ishsiz) va Shoxrux Malikov (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi huzuridagi «Milliy PR-markazi» DUK bosh direktori lavozimida ishlagan)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Zafar Nurmatov raisligida ko‘rib chiqilmoqda.

Sudlanuvchilar B. Abdusamatov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish), 210-moddasi (pora olish), O‘. Muxamedsaidov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 28-moddasi (jinoyat ishtirokchilarining turlari) orqali 211-moddasi (pora berish), 212-moddasi (pora olish-berishda vositachilik qilish) va Sh. Malikov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish), 212-moddasi (pora olish-berishda vositachilik qilish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqdalar.

Hozirgi kunda sud tergovi davom etib, guvohlarning ko‘rsatmalari tinglanmoqda. Sud jarayoni davom etmoqda. 

1976 yilda tug‘ilgan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (1996) va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini (2003) tamomlagan Baxtiyor Abdusamatov 2018 yilning sentabr oyi boshlarida katta miqdordagi pora bilan qo‘lga olingandi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, B.Abdusamatov investorga joy taqdim etish maqsadida 400 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida olayotgan vaqtida ushlangan.

Mavzuga oid