Jamiyat | 16:21 / 05.04.2019
8522
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ta'lim olgan Tojikiston Madaniyat vaziri Termizga yetib keldi

Iftixor bilan ta'kidlash lozimki, azaldan qardosh millatlar — O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarning yanada yaxshilanib borayotganini kuzatish faxr baxsh etadi, shuningdek, bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro maydonda ham o‘zining mustahkam o‘rniga ega bo‘lib bormoqda, deb hisoblaydi Tojikiston Madaniyat vaziri Shamsiddin Orumbekzoda. 

«Ham Tojikiston, ham O‘zbekiston davlat rahbarlarining siyosatida ajdodlar merosini o‘rganish, saqlash va hayotga tatbiq etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayotganini ko‘ryapmiz», — deydi Termizda o‘tkazilayotgan Xalqaro baxshichilik san'ati festivaliga tashrif buyurgan tojikistonlik mehmon. 

Orumbekzodaning ta'kidlashicha, baxshichilik san'ati Tojikistonga ham begona emas, ular tojik xalqi orasida go‘ro‘g‘lixon yoki dostonsarolar deb ataladi. 

«Tojikistondan 6 nafar, jumladan olim va baxshilar ishtirok etmoqda. Ularning orasida 93 yosh, 78 va 30 yoshni qarshilagan baxshilar festivalga yetib kelgan. Bugun yoshlarimiz ham shu san'atni davom ettirayotgani bizni quvontiradi.  
Sovet davrida Termiz shahrida bo‘lganman, Toshkentda ikki yil tahsil oldim. O‘zbekiston tarixiga qiziqishim baland, ammo davlatchilik tariximiz xolis o‘rganilmagan. Bugun tariximizga munosabat boshqacha, u ijobiy tomonga o‘zgardi. Dunyo  tamadduniga hissa qo‘shgan buyuk insonlar voyaga yetgan zaminda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy faollikni kuzatyapmiz», — deydi u.

Qo‘shni davlat Madaniyat vaziri festivalning ilk kunidayoq Termiz shahrini aylanib, markaziy kutubxonalardan birining faoliyati bilan tanishdi. 

Shu bilan birga 76ta davlatdan 100dan oshiq ishtirokchi ham Termizga kelishi boshlandi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid